Birjada chigit narxi arzonladi. Avvalroq Antimonopol qo‘mita 34ta klasterga nisbatan ish ochgandi

O‘zbekiston 20:07 / 13.05.2021 14992

Antimonopol qo‘mita paxta yog‘i narxlari keskin oshishi munosabati bilan kompleks o‘rganish natijalarini e'lon qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, paxta yog‘i narxi ko‘tarilishiga ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo bo‘lgan texnik chigitning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxlari asossiz oshirib qo‘yilishi ham ta'sir etgan.

«2021 yil aprel oyi davomida 40 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 1 tonna texnik chigit birja savdolariga 4—4,5 mln so‘mdan boshlang‘ich narxlarda qo‘yilgan va birinchi chorakka nisbatan o‘rtacha 38 foizga oshirilgan. O‘z navbatida, boshlang‘ich narxlar oshgani sababli ularning sotilish narxlari ham oshgan va o‘rtacha 4,5—5 mln so‘m atrofida shakllangan», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Ma'lum qilinishicha, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib, sun'iy oshirish kabi holatlar mavjudligi hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasteriga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Natijada, ushbu paxta-to‘qimachilik klasterlariga birja savdolari orqali yuqori narxlarda sotilgan texnik chigit bo‘yicha bitimlarni bekor qilish hamda 1 tonna texnik chigit mahsulotini narx sun'iy oshirilgunga qadar real talab va taklif asosida shakllangan 2,5—3,2 mln so‘m boshlang‘ich narxlarda birja savdolariga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan.

Qo‘mita ko‘rilgan choralar natijasida joriy yil may oyining 10—12 kunlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan boshlang‘ich narxlar tushirilib, sotish narxlari o‘rtacha 3,4 mln so‘m atrofida shakllanganini ma'lum qildi. Natijada chigitning boshlang‘ich narxi 39 foizga, sotish narxi esa 31 foizga pasaygan.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan sun'iy tanqislik yuzaga keltirilishi oldini olish maqsadida birja savdolarida bir xaridor olishi mumkin bo‘lgan kunlik maksimal hajm 3 tonna miqdorida belgilandi.

Avvalroq Aksilmonopoliya qo‘mitasi paxta yog‘i narxlari oshish sabablarini o‘rganib, 34 ta klasterga nisbatan ish ochganini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, o‘tgan yil yetishtirilgan paxta hosilidan olingan chigitni mamlakatdagi 14 ta klaster korxonasi birja savdolariga chiqarmagani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: