UzAirways milliy aviakompaniyasining shu'ba korxonasi – Uzbekistan Helicopters operatori 4 dona Airbus vertolyotlariga buyurtma berdi.
«Vertolyotlarning yetkazib berilishi keyingi oyga rejalashtirilgan. Hozirda uchuvchilarimiz ushbu modellarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha tajriba orttirishmoqda. Airbus H125 va H130 samolyotlari parvoz xizmatlarining sifati tufayli aholining mobilligini oshiradi», – deb ta'kidlagan Uzbekistan Helicopters rahbari Aziz Safiullin.
Airbus Helicopters kompaniyasining O‘zbekistondagi savdo direktori Romen Lananing so‘zlariga ko‘ra, Ecureuil oilasining ko‘p funksiyali va ishonchli vertolyotlarini sotib olishda iqlim sharoitiga mosligi inobatga olingan.
Ta'kidlanishicha, H125 vertolyotlari baland va issiq iqlim sharoitida uchishga moslashgan va oltita yo‘lovchi o‘rindig‘i, shuningdek, uchuvchilar uchun bitta yoki ikkita o‘rindiqqa ega.
H130 vertolyoti esa diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish, aviatsiya tez yordami va kuzatuv ishlari uchun mo‘ljallangan. Vertolyotda bitta uchuvchi va yettita yo‘lovchi uchun o‘rindiqlar mavjud.
Avvalroq, O‘zbekistondagi ilk xususiy aviakompaniya Qanot Sharq Airlines 2ta Airbus A320-200 samolyotini ro‘yxatdan o‘tkazgani xabar qilingandi.