Nega O‘zbekistonda so‘m uchun alohida, valuta uchun alohida karta ochiladi? Markaziy bank vakili javob berdi

Iqtisodiyot 20:53 / 12.05.2021 29247

Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Fayzullayev Depozit.uz'ga bergan intervyusida so‘m va valutaga alohida karta ochilishi sabablariga to‘xtalib o‘tdi.

Fayzullayevning aytishicha, bunga sabab – ko‘p yillar davomida respublikada valuta ayirboshlashga cheklov qo‘yib kelingani.

«Rossiya yoki Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, ko‘p yillardan beri aholiga ish haqi to‘lovlarini amalga oshirish va kundalik to‘lovlar uchun ham VISA va MASTERCARD kartalari taqdim qilinib kelmoqda. Bu kartalarning xalqaro maqomi ulardan nafaqat o‘z vatanida, balki istalgan mamlakatda o‘sha mamlakat valutasida to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi, qo‘shimcha karta ochishga ehtiyoj qolmaydi. To‘lovlar mijoz borgan mamlakat valutasida – yevrodami, rubldami, yuandami, turk lirasidami, farqi yo‘q, birdek amalga oshiriladi. To‘lov summasi esa xalqaro to‘lov tizimlari va kartani muomalaga chiqargan tijorat banki tomonidan konvertatsiya qilinib, mijozning hisobvarag‘idan yechib olinaveradi.

O‘zbekiston sharoitida esa mahalliy to‘lovlar uchun Uzcard yoki Humo kartalari, chet elga boradigan hamyurtlarimiz uchun alohida, AQSh dollarida ifodalangan Visa, Mastercard, Mir yoki UPI kartalari taklif qilinadi.

Chunki mamlakatimizda valuta ayirboshlash masalasi ko‘p yillar davomida cheklangan holatda bo‘ldi, shu sababli kartalar orqali chet elda, xorijiy valutada amalga oshiriladigan to‘lovlarni so‘mda ifodalangan hisobvaraqlardan yechib olish imkoniyati mavjud bo‘lmadi. Xorijiy valutadagi har qanday to‘lovlar uchun alohida hisobvaraq va alohida karta ochilishini taqozo etardi.

Aytib o‘tish kerak, O‘zsanoatqurilishbank 2000 yillar boshida faqat O‘zbekiston hududida ishlatish mumkin bo‘lgan 700 mingga yaqin Visa kartasini muomalaga chiqardi, lekin bu kartalardan chet elda foydalanish imkoniyati yaratilmagani, shu bilan birga mavjud Uzcard tarmog‘ida ham qabul qilinmagani sababli ular aholi uchun jozibador bo‘lmadi va bu yo‘nalish o‘z rivojini topmadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda valuta ayirboshlash siyosati o‘zgardi. Endi Rossiya yoki Qozog‘istondagi kabi mahalliy valutada ifodalangan Visa yoki Mastercard xalqaro kartalarini muomalaga chiqarib, respublikamizda ham, chet elda ham birdek ishlatish, chet elda amalga oshirilgan to‘lovlarni konvertatsiya qilib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan bevosita yechib olish imkoniyati yaratildi. Bunga javoban to‘lov tashkilotlari «kobeyjing» kartalarini taklif qila boshladi», – dedi Markaziy bank rasmiysi.

Shuhrat Fayzullayev Uzcard va Humo to‘lov tizimlaridan bir terminalda foydalanish imkoniyati yaratilayotganining raqobatga ta'siri haqida ham to‘xtaldi.

«Bitta qurilmada Uzcard va Humo to‘lov tizimlari kartalariga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladigan bo‘lsa, demak, savdo va xizmat ko‘rsatish tashkiloti uchun raqobat boshlanadi. Chunki tadbirkorlik sub'yekti endi bitta terminal olsa, kifoya.

Xo‘sh, Uzcard terminalini oladimi yoki Humo terminalinimi? Terminal taklif qilish bo‘yicha raqobat kuchayadi va savdo hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari terminal narxining arzonlashgani, shartlarning yaxshilangani hisobiga xaridorlarga qo‘shimcha xizmatlar yoki qo‘shimcha qulayliklar yaratishi ehtimoli ortadi.

Agar savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining terminal bilan bog‘liq xarajatlari raqobat natijasida qisqartirilsa yoki qo‘shimcha xizmatlar berish natijasida sifati oshsa, bilvosita xaridorlarga, aholiga ham naf keltiradi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Uzcard va Humo kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Kelishuvga ko‘ra, 2021 yil oxiriga qadar barcha terminallar UzCard va Humo kartalarini qabul qiladigan bo‘ladi

Ko‘proq yangiliklar: