Markaziy bank kuzatuvlari va murojaatlar xulosasiga ko‘ra, firibgarlar asosan fuqaroning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tizimi operatorining nomidan xavfsizlik, plastik karta, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yoki boshqa bo‘lim xodimi deb tanishtiradi.
Bunday shaxslar mijozning mobil ilovasi buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltiradi hamda agar darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib, turli ijtimoiy injyeneringni qo‘llagan holda, psixologik bosim o‘tkazishga urinadi.
Firibgarlar telefoningizga yuborilgan bir martalik SMS-kodni so‘rab, sizga yordam berishni taklif etishadi.
Firibgarlarning tuzog‘iga tushmaslik uchun umumiy belgilarni eslab qolish zarur:
- qo‘ng‘iroq yoki SMS-xabar yashirin yoki begona raqamlardan keladi;
- zudlik bilan qaror qilishga undash, «tezroq», «hoziroq», «keyin tushuntiraman», «tezroq kerak» kabi so‘zlar bilan sarosimaga solishga urinishadi;
- telefon orqali firibgarlik qiluvchi shaxslar o‘zlarini juda ishonchli tutib, bosim o‘tkazishi yoki aksincha muloyimlik bilan va boshqa turli usullar yordamida mijozni o‘ziga ishontirishadi. Bunda ularning asosiy maqsadi – mijozni shubhalantirmaslik hamda fikrlash uchun fursat qoldirmasdan shoshilinch qaror qabul qilishga undashdir;
- muayyan savollar berganingizda aniq javobning yo‘qligi yoki chalkashlik holati kuzatiladi;
pasport ma'lumotlari, karta raqami bilan uning amal qilish muddatini, sizga jo‘natilgan tasdiqlovchi kodni yoki boshqa shaxsiy ma'lumotlarni so‘rashadi (eslab qoling, aslida kartaga pul o‘tkazish uchun faqatgina karta raqamini bilish yetarli).
«Tanlovda g‘olib bo‘ldingiz» kabi turli qiziqtiruvchi xabarlar yo‘llab, sovrinlar, qulay tariflar, sovg‘alar taklif etgan holda ular uchun «qo‘shimcha to‘lovlar», «garov puli qo‘yish» yoki boshqa yo‘llar bilan pul o‘tkazishni so‘rash – telefon orqali qo‘llaniladigan firibgarlik belgilaridan.
«Agar firibgarlik holatlaridan gumoningiz bo‘lsa, darhol sizga xizmat ko‘rsatuvchi bankka telefon orqali yoki yozma murojaat qiling va holat haqida xabar bering. Qaysi telefon raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘lgani, murojaat qilgan shaxs o‘zini kim deb tanishtirgani va qanday ma'lumotlarni so‘ragani bo‘yicha batafsil ma'lumot yo‘llang.
Hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmang. Ular sizdan olgan ma'lumotlar (SMS-kod, login va parol) orqali bank kartangizdagi pul mablag‘larini ko‘chirib olish yoki sizning ruxsatingizsiz boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi», – deyiladi Markaziy bank chaqiruvida.
Avvalroq, Kun.uz bank kartalaridagi mablag‘lar o‘g‘irlanishiga oid firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida maqola e'lon qilgandi.