O‘simlik yog‘i narxi keskin oshib borayotgani sababli, holatning oldini olish maqsadida «Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar mamlakat hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish va o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.
Xo‘sh, ko‘rilgan bu chora oqibatida mamlakatda o‘simlik yog‘i narxi barqarorlashdimi? Raqamlarga murojaat qilamiz.
9 may holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatlarda o‘simlik yog‘ining narxi minimal 16-17 ming so‘m, maksimal 21-23 ming atrofida. Kuzatuvlarga ko‘ra, o‘simlik yog‘i arzonlashmayapti.
Davletov.uz kanalining yozishicha, o‘simlik yog‘i avvalgi mexanizm, ya'ni mahallalarni ishga solgan holda tarqatilyapti.
«O‘simlik yog‘iga QQS bekor bo‘ldi, lekin nega yog‘ narxi tushmayapti, deb so‘rashmoqda.
O‘zbekistonda mahalla, amaldorlarning fikricha, aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda muhim institut hisoblanadi. Yaqin o‘tmishda ham mahalla orqali yog‘, un va boshqa birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari qat'iy belgilangan narxlarda tarqatilar edi.
Yozishlaricha, yog‘ narxining oshishi ortidan yana o‘sha mexanizm qo‘llanmoqda. Masalan, Buxoro viloyatida belgilangan grafik asosida barcha mahallalarda paxta yog‘ining 1 litri 12000-13000 so‘mdan sotilayotgan ekan. Kungaboqar yog‘i esa 16000 so‘m», – deb yozdi u.
Shuningdek, yaqinda kuchga kirgan qonunga ko‘ra, o‘simlik yog‘i QQSdan yil oxirigacha ozod qilingan. Lekin buning samarasi hozircha sezilgani yo‘q. Bozorlarda yog‘ bahosi hamon yuqoriligicha qolayotgani qo‘shimcha qilingan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘simlik yog‘iga QQSni bekor qilinishi xalqqa yoqadigan populistik tashabbus bo‘lgani haqida yozadi.
«O‘simlik yog‘iga QQS bekor bo‘lishi yog‘ narxini pasaytiradi, deb kim aytgan edi?
Raqobatli bo‘lmagan, vertikal va gorizontal oligopol bozorlarda, taklif oshmayotgan va spekulyatsiya sharoitlarida QQSning pasaytirilishi sotuvchi va vositachilarning marjinalligini, ya'ni daromadini oshirishga xizmat qiladi, xolos. Ha, qisqa muddat narxlar o‘sishdan to‘xtab turadi (o‘sha 15 foizlik farq utilizatsiya bo‘lguncha).
Moliya vaziri o‘rinbosari 2019 yilda QQSning pasaytirilishi narxlar tushishiga olib kelmaganini qayd etgani esingizdadir?
O‘zbekistonda bundan bir yarim yil avval soliq stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan edi. Iste'molchilardan kimdir narxlar chindan 5 foizga tushganini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning aksariyati bo‘yicha narxlar tushmagan.
Xo‘sh, unda o‘simlik yog‘iga QQS bekor bo‘lishi yog‘ narxini pasaytiradi, deb kim aytgan edi? Bundan bexabarman. Lekin xalqqa yoqadigan, populistik tashabbus bo‘lgan.
Endi, yog‘ni mahalla orqali tarqatish haqida gaplar paydo bo‘lyapti. Bu ham navbatdagi yoqimli, populistik qadam bo‘ladi.
Yog‘ni mahalla orqali tarqatish bilan uning taklifi oshib, ko‘payib qolmaydi. Taqsimlab tarqatishning ma'murchilik qimmatga tushishi (buniyam kimdir bo‘yniga olishi kerak), yangi o‘zlashtirishlar va norozilik holatlari paydo bo‘lishini kutish qoladi, xolos», – deb yozadi u.
Yog‘-moy ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yirik yog‘ ishlab chiqaruvchi korxonalar omborida 2 oylik zaxira bor. Zaxiradagi mahsulot QQS bilan sotib olingan, qo‘shimcha qiymat solig‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun 1 maydan kuchga kirdi. Shu sababli, hali QQS bilan sotib olingan mahsulotni sotib tugatmay turib, narx arzonlashmaydi. Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorning ta'kidlashicha, QQSni bekor qilish narxlarni barqarorlashtirishda to‘g‘ri yechim bo‘lmadi. Natijada narx ham arzonlashmadi, tadbirkorlar ham ikki oylik zaxira tufayli zararga ishlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Avvalroq, antimonopol qo‘mitasi rasmiysi paxta yog‘i narxi tushishi kutilayotganini, o‘rtacha 12-13 ming so‘m atrofida, maksimum 15 ming so‘m bo‘lishi mumkinligini ta'kidlagandi.
Shuningdek, o‘simlik yog‘iga QQS bekor qilingach, bojxona omborlarida 6,5 ming tonna o‘simlik yog‘i to‘planib qolgani ma'lum qilingandi.