Jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i raqamlari ikki kishida bir xil chiqmoqda. Bunga sabab nima?

Iqtisodiyot 13:27 / 10.05.2021 11852

Kun.uz saytiga yo‘llangan murojaatlardan birida fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i (INPS)ning raqami ikki fuqaroda bir xil chiqayotgani aytiladi.

Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Xalq banki» Jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minoti tizimi boshqaruv departamenti direktori o‘rinbosari Alisher Xushmatov bilan bog‘landik.

Mutaxassisning ma'lum qilishicha, amaliyotda haqiqatan ham shunday holatlar kuzatiladi. Bu holat tizim yangilanayotgani va pasportlar bilan bog‘liq.

«Ikkita fuqaroga bir xil INPS raqami to‘g‘ri kelib qolishi pasportning yangi (biometrik) yoki eskiligi bilan bog‘liq. Bunda raqamlarning biri yangi ochilgan, ikkinchisi eski bo‘ladi.

2008 yilda biometrik pasportlar bo‘lmagan. Eski pasportdagi raqamlar har bir tumanning o‘z bazasida bo‘lgan. Masalan, men Yunusobodda yashab, keyin Chilonzorga ko‘chsam boshqa INPS bergan, raqam o‘zgargan.

Endi yangi pasportlar berila boshlaganida bir xil raqam tushib qolish holatlari kuzatilib turadi. Oldin ochilgan eski pasport bilan yangi biometrik pasport raqamlari bir xil bo‘lishi mumkin.

Bu raqamlar bir xil bo‘lgan taqdirda ham dastur yordamida hisobvaraqlar alohida yuritiladi. Qaysi raqam to‘xtatilgani bazamizda chiqib turadi.

Ushbu holat yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri – fuqarolar hamda ish beruvchilar «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunning ayrim moddalariga amal qilmasliklari bilan bog‘liq. Ya'ni ushbu hujjatning 21-moddasida jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchi «Xalq banki»ning mazkur to‘lovchi oldidagi majburiyatlarini bajarishiga ta'sir qiluvchi o‘zgarishlar to‘g‘risida bank filialiga xabar qilishi shartligi, 22-moddasida esa jamg‘arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchilar bank filialiga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish uchun zarur ma'lumotlarni taqdim etishlari hamda fuqarolarning shaxsiga oid ma'lumotlar bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlar (mehnat shartnomasi tuzilgani yoki bekor qilingani, pasportdagi ma'lumotlar hamda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini yuritish uchun zarur boshqa ma'lumotlar o‘zgargani) to‘g‘risida xabar qilishlari shartligi keltirilgan. Ammo fuqarolar hamda ish beruvchilar ma'lumotlarni taqdim etmasdan kelmoqda.

Hozirda mazkur masalani tizimli yechish ustida ish olib borilyapti. Ya'ni har bir raqam bazamizga ulangan. Fuqarolarning eski INPSi qanaqa bo‘lgan, yangisi qanaqa hammasini bazaga kiritish jarayoni ketmoqda, tez orada to‘liq markazlashgan holatda bartaraf etiladi va INPS raqam o‘zgargani to‘g‘risida ish beruvchilarga ma'lumot yuboriladi», deydi mutaxassis Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Alisher Xushmatovga ko‘ra, 2021 yil 23 martdagi prezident farmoniga asosan, fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya hisobraqamini avtomatik tarzda personallashtirish markazi va ichki ishlar bilan hamkorlikda ochishni yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha ishga tushsa, fuqarolar INPS raqam ochishi talab etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: