«35 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi». Erkin iqtisodiy zonalardan kutilayotgan natijalar ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 17:26 / 10.05.2021 10406

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi EIZni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Oteuliyev jurnalistlarga bergan intervyusida erkin iqtisodiy zonalardan kutilayotgan natijalar haqida ma'lumot berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugungi kunda erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) – hududlarda xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishda asosiy vosita hisoblanadi. Ularda hozirgacha 2,6 mlrd dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 35 ming 897 ish o‘rni yaratilgan.

Shuningdek, ayni paytda qo‘shimcha 442 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu esa, 35 ming 528 ta yangi ish o‘rni yaratiladi degani.

Bundan tashqari, bugungi kunda EIZ direksiyalari tomonidan 2,7 mlrd dollarlik 262 ta loyihani jalb qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, dedi Azamat Oteuliyev.

Azamat Oteuliyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy investorlar qiziqishi ortishiga ularda yaratilgan yaxshi sharoitlar, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, yer maydoni bepul va to‘g‘ridan to‘g‘ri (auksion savdolarisiz) qisqa muddatlarda ajratib berilishi muhim omil bo‘lmoqda.

“Tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatishda direksiya bilan yagona darcha tizimida xizmat ko‘rsatiladi. Investor EIZ hududida investitsiya loyihasi amalga oshirmoqchi bo‘lsa, direksiyaga borib o‘zining tegishli loyiha hujjatlarini topshiradi. Direksiya rahbari shaxsan o‘zi uni ekspertiza qilish markazidan o‘tkazadi. Ma'muriy kengashga muhokamaga qo‘yadi. Yer maydoni ajratib, guvohnomasini beradi. Soliq va bojxona organlariga investor hujjatlarini yuboradi.

Investorning majburiyatlari EIZ direksiyasi bilan tuziladigan investitsiya kelishuvida hammasi ko‘rsatib o‘tiladi», deya qo‘shimcha qildi Oteuliyev.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida EIZda umumiy qiymati 1,1 mlrd dollar bo‘lgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trln so‘m bo‘lgan 1 ming 845 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bu loyihalar asosan, elektrotexnika, charm-poyabzal, qurilish materiallari, neft-gaz, farmatsevtika, turizm, issiqxona xo‘jaliklari, xalq iste'mol mollarini ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.

Natijada 20 ming 298 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu esa 2021 yil yakuni bilan 400 mln dollarlik mahsulot eksport qilish, 350 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish hamda davlat budjetiga qo‘shimcha 2 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘lar yo‘naltirishga imkon beradi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda 23 ta maxsus iqtisodiy zona mavjud bo‘lib, ularning umumiy maydoni 8,8 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 3,9 ming gektarida 5,3 mlrd dollarlik 895 ta loyiha joylashtirilgan. Qolgan 4,9 ming gektar yer bo‘sh va investitsiya loyihalari joylashtirish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: