Ma'lum qilinishicha, 5 may kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Oybek» chegara bojxona postida «E-TIR» loyihasi ishga tushirildi. Bu o‘zbek-tojik chegara postidagi «E-TIR» ilk pilot loyihasi hisoblanadi.
Ishga tushgan loyiha chegara bojxona postlari hududiga yaqin joylarda zamonaviy bojxona terminallarining qurilishi, chegara o‘tkazish punktlari hududi atrofida infrastrukturaning rivojlanishiga, avtotransport vositalari tirbandliklarining oldi olinishiga, O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan tovarlar ustidan nazorat mexanizmlarining optimallashishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
«E-TIR» kitobchasi – bojxona maqsadlarida foydalaniladigan, tovarlarni avtomobil transportida xalqaro tashish uchun mo‘ljallangan va kafolat bilan ta'minlangan xalqaro yuk-kuzatuv hujjati hisoblanadi.
Ma'lumot o‘rnida, hozirda O‘zbekiston Konvensiyaga a'zo 77 ta davlat o‘rtasida TIR Karnet kitobchalaridan eng ko‘p foydalanadigan davlatlardan biri hisoblanib, bu borada 6 o‘rinni egallaydi. Respublika hududida xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan har uchinchi avtomobil transporti TIR Karnet (E-TIR) kitobchasi asosida tashuvlarni amalga oshiradi.
O‘zbekistondan ilk marotaba «Xalqaro yo‘llarda tashish kitobchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona konversiyasi»ning Ijro etuvchi kengashi a'zoligiga 2021-2022 yillar uchun Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Kabulov saylangandi.