«Chelsi» «Real»ni ilojsiz qoldirdi. YeChL finali yana inglizcha bo‘ladi

Sport 14:33 / 06.05.2021 23610

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Chelsi» (Angliya) — «Real» (Ispaniya) — 2:0 (1:0)
Gollar: Verner, 28 (1:0). Maunt, 85 (2:0).
«Chelsi»: E.Mendi, Tiagu Silva, Aspilikueta (Jyeyms, 88), Ryudiger, Kristensen, Chilluell, Jorjinyu, Kante, Havers (Jiru, 90+4), Maunt (Ziyosh, 88), Verner (Pulishich, 67).
«Real»: Kurtua, Serxio Ramos, Nacho, F.Mendi (Valverde, 63), Eder Militao, Modrich, Kroos, Kazemiro (Rodrigo, 76), Benzema, Azar (Dias, 89), Vinisius Junior (Asensio, 63).
Ogohlantirishlar: Jorjinyu, 14. Serxio Ramos, 36. Kristensen, 39. Nacho, 62. Kroos, 72. Maunt, 87. Valverde, 90.
Hakam: Orsato (Italiya).
5 may. London. «Stemford Brij» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:1.

«Chelsi» safardagi o‘yinda qulay hisobga erishib qaytgan, javob o‘yinida qanday natija qayd etilishi klubning o‘ziga ko‘proq bog‘liq edi. Shu tufayli Tomas Tuxel qanday yo‘l tutishi qiziq edi: durangni saqlab qolish uchun o‘ynab, qarshi hujumlarda imkon poylashmi yoki bu mavsum kuchsizroq ko‘rinayotgan «Real» ustidan to‘liq ustunlik qilishmi? Birinchi variant tanlandi va bu kutilmagan hol emasdi.

Tuxel so‘nggi o‘yinlarda qilayotganini takrorlab, Mauntni yarimhimoya markaziga joylashtirdi. U, Jorjino va Kantedan iborat uchburchak to‘psiz holatda orqaroqda joylashar, uning asosi Jorjino bo‘lardi. U ham ba'zida raqib jarima maydoniga qadar yaqinlashdi (bir safar Modrichni ta'qib qilib, ko‘proq Kazemiro bilan o‘ynab), ammo Maunt va Kantening qanchalik ko‘p mehnat qilishi muhimroq edi. Ular to‘p «Real» yarimhimoyasi orqali harakatlanishiga qarshilik qilishi talab etilardi va ular buni uddalashdi.

Zinedin Zidan istalgan vaziyatga moslashib, jamoa o‘yinini istalgan ssenariy bo‘yicha tuza olish hadisini olgandi. «Chelsi»ga safar oldidan vazifa oddiy emasdi: Tuxel davridagi 23 o‘yinda atigi 10 gol o‘tkazgan (agar «Vest Brom»ga qarshi anomal o‘yinni hisobdan chiqarsak, 22 o‘yinda 5 gol) jamoaga albatta gol urish talab etilardi. Shu bilan birgalikda, londonliklarning ustun jihatlaridan bo‘lgan qarshi hujumlarga yo‘l qo‘ymaslik.

Fransuz murabbiyni kadrlar muammosi ko‘proq qiynardi. O‘yinga ikki kun oldingi xabarlar shunchaki qo‘rqinchli edi, ammo o‘yingacha ijobiy yangiliklar bo‘ldi. Ha Rafael Varan, Lukas Vaskes va Dani Karvaxal o‘ynay olmasdi. Lekin Serxio Ramos, Ferlan Mendi va Fede Valverde o‘yinga tushishga tayyor bo‘lishdi. Ularning dastlabki ikkisi faqat so‘nggi ikki mashg‘ulotda ishtirok etishdi, jamoa sardori esa qariyb ikki oydan buyon maydonga tushmagandi. Ularni o‘yinga tushirmasdan iloj yo‘q edi. Tushirish ham tavakkalchilik edi.

Natijada «Real»da so‘nggi 20 o‘yinda himoyada 14-xil tarkib o‘ynaydigan bo‘ldi. Eder Militao — markazda Ramos bilan juftlik hosil qilmasdan, o‘ng qanotga tushirildi. Nacho ham chap qanotda, ham markazda sardorga yordam beradigan bo‘ldi.  Mendi oldinroqqa joylashdi va vaqti kelganda qanot hujumchi vazifasini bajardi yoki maydon markaziga ham ko‘chib, «o‘nlik» o‘rnini egalladi. Toni Kroos va Luka Modrich orqaga ko‘proq qaytib, himoyachilar bilan qariyb bir chiziqqa joylashishdi, ularning vazifasi paslar orqali to‘pni oldinga olib borish edi — bu o‘yinda masalan, «Liverpul»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi himoyachilar ortiga to‘p uzatish kuzatilmadi. 

Zidan noodatiy reja o‘ylab topgandi. To‘psiz holatda jamoa hujumda 2, yarimhimoyada 5 futbolchi bilan harakatlandi. To‘pga egalik qilinganda esa Modrich hujumda uchinchi futbolchi o‘rnini to‘ldirdi, sxema yarimhimoyadagi romb bilan 3-4-3 ko‘rinishiga o‘tdi. «Real» kutilmaganda «Barselona» kabi o‘yin uslubi tanladi, ammo Zidanga to‘p bilan ilgarilashda maksimal variantlar kerak edi.

Gibrid sxemada yana bir alohidalik bor edi: Vinisius lateral emas (ayniqsa o‘ng qanotda), u maydonda shu rolni bajardi, ammo hujumga ko‘proq qo‘shildi va Mendiga qaraganda oldinroqda ochildi.

Ammo Zidanning rejalarini «Chelsi» ijrosidagi sifatli pressing barbod qildi. Birinchi bo‘limda Madridning asosiy kreativ bog‘lami, Kroos va Modrich o‘yinga maksimal darajada jalb qilindi, to‘pga teginishlar soni bo‘yicha eng yuqori statistika ularga tegishli edi, ammo bu harakatlar faqat xavfsiz hududlarda ro‘y berdi. «Real» yulduzlari to‘pni o‘zlarida olib yurishdi, ammo yetarlicha vaziyatlar yarata olishmadi.

Foto: Clive Rose/Getty Images

«Real» birinchi bo‘limdagi asosiy vaziyatiga individual mahorat evaziga ega bo‘ldi. Modrich murakkab diagonal uzatma bilan to‘pni jarima maydoni ichiga yetkazib berdi, raqiblar qurshovida turganiga qaramay, Benzema orqaroqdan o‘tib ketayotgan to‘pga zarba berishga imkon topdi. Bu yaxshi vaziyat edi, Modrich va Benzema barchasini to‘g‘ri qilishdi, ammo mezbonlar darvozaboni Mendi xaloskorga aylandi.

«Chelsi»ning goli madridliklar pressingda kechikkani tufayli ro‘y berdi, asosiy ishni yana Kante qildi. U bosim ostidan osonlik bilan chiqib ketib, oddiy vaziyatni juda xavfli hujumga aylantirdi. Keyin Verner bilan devor o‘ynadi, yakunda Havers deyarli birga-bir chiqib ketdi. Uning zarbasi to‘singa tegib qaytganida Verner bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi.

«Chelsi» birinchi bo‘limdayoq mehmonlarni qarshi hujumlari bilan charchata boshlagandi. Ikkinchi bo‘limda esa ular har bir necha daqiqada raqibga bosim uyushtirishga o‘tdi. «Chelsi» jismoniy jihatdan yaxshiroq tayyorlangani ko‘rinib turardi, chunki tanaffusdan keyin harakatlanishdagi farq yaqqol ko‘zga tashlanib qolgandi.

Mezbonlar nafaqat ajoyib pressing qilishdi (to‘pga egalik qilishdan voz kechish 100 foiz ish berdi), balki bosim o‘tkazish uchun aniq nishonlarni ham belgilab olishgandi: Militao, Vinisiusa va kutilmaganda, Azara. «Chelsi» to‘pni olib qo‘ygandan keyin yaratgan xavfli vaziyatlarni sanashdan ma'no yo‘q, ammo bunday vaziyatlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi ham mumkin edi. Yana Verner muammo chiqardi: uni odatda golli vaziyatlardan foydalana olmaslikda ayblashadi, ammo bu o‘yinda u oxirgi paslarni bera olmadi. Bir necha istiqbolli hujumlarni u o‘z vaqtida to‘pdan xalos bo‘lmagani yoki vaqtida kerakli pasni bera olmagani uchun yo‘qqa chiqardi.

Zidan ikkinchi bo‘limda burilish yasash uchun qanotlarni kuchaytirishga zo‘r berdi va katta tavakkal qildi. Birinchi bo‘limning ba'zi vaqtlarida uch markaziy himoyachi bilan o‘ynagan «Real» edi himoyada birgina Ramos bilan qoldi, Nacho va Militao yarimhimoyachilarga aylanishdi. Ammo bu kecha hech qanday o‘zgarishlar «Chelsi»ning pressingini yengib o‘ta olmasdi.

Maydon egalarining o‘yinni total nazorat qilganini ayrim raqamlar bilan ham ifodalash mumkin. Garchi ular yakunda to‘pga egalik qilish bo‘yicha 32 foizlik natija ko‘rsatgan bo‘lishsa-da, to‘p maydonning «Real» tomonida ko‘proq bo‘ldi: 29 foizga 23 foiz, «Chelsi» foydasiga.

Kante, Maunt — pressingda ham, hujumda ham yuksak saviya namoyish etishdi. Kante ikkinchi golni ham to‘pni Nachodan olib qo‘ygan holda boshlab berdi va Pulishichni to‘p bilan ta'minladi, amerikalik futbolchi esa to‘pni kerakli vaqtgacha o‘zida saqlab turib, Maunt qulay nuqtaga yetib kelganida to‘pni uzatdi. Bu golda ham fransuz futbolchisiga assist yozilmadi, ammo kamtar bu futbolchi bundan ranjimasligi aniq. U shak-shubhasiz ikkinchi o‘yinda ham qahramonlik ko‘rsatdi va londonliklar ustunligi ramzi bo‘ldi.

«Real»da Modrichning uzoqdan bergan zarbasi va Benzemaning yana bir murakkab zarbasi bo‘ldi, xolos. O‘yin yakunlangach, Maunt jamoasi bu o‘yinda beshta gol urishi ham mumkin bo‘lganini aytdi va bu bo‘rttirish emasdi. Kante va Maunt bir martadan, Havers ikki marta yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Bu ham «Chelsi»ning ikkinchi bo‘limda qanchalik ustunlik qilganini ko‘rsatadi. Tuxel imkoniyatlari darajasidagi eng yaxshi ishni qildi - jamoani pressing-mashinaga aylantirdi.

 

«Chelsi» — Chempionlar ligasi finalida, holbuki yanvarda bunday bo‘lishiga faqat jinnilar ishonardi. Frenk Lempard boshqaruvidagi tartibsiz jamoa butunlay o‘zgardi. Tomas Tuxel qatorasiga ikkinchi mavsumda o‘z jamoasini asosiy turnir finaliga olib chiqmoqda. Turli klublar bilan ikki final — bunaqasi Chempionlar ligasi tarixida bo‘lmagan. Bir yil avval u «PSJ» bilan maqsadga erisha olmagandi, bu safar nima bo‘lishini 29 may kuni «Siti»ga qarshi Istanbulda bo‘lib o‘tadigan o‘yinda bilib olamiz...

Ko‘proq yangiliklar: