Sloveniyada bir yil davomida bepul velosipeddan foydalanish mumkinmi?

Light 16:26 / 05.05.2021 82047

Bundan davlatga nima naf?

Ko‘pchilik Yevropa shaharlari kabi Lyublyana ham zararli gaz chiqaruvchi transport vositalaridan foydalanmaslik orqali havo ifloslanishining oldini olishga harakat qiladi. Kishilarni velosipeddan foydalanishga rag‘batlantirib, havoning tozaligini saqlashga urinadi, shuningdek, fuqarolarni sog‘lom hayotga undaydi.

Velosiped ijara tizimi qanday ishlaydi?

Tizim foydalanuvchilardan haftalik yoki yillik obuna bo‘lishni talab qiladi. Bir haftalik obuna – 1 yevro, 1 yillik obuna – 3 yevro.

Agar Lyublyanaga bir necha kun yoki haftaga sayohatga borsangiz, haftalik obunadan foydalanishingiz mumkin. Bunda sizga elektron pochta, Master yoki Viza karta kerak bo‘ladi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni quyidagicha:

1. Dastlab BicikeLJ saytiga kirib, «Ro‘yxatdan o‘tish (Sign Up)» tugmasini bosasiz.

2. Ye-mail manzilingizni kiritasiz va parol (PIN) o‘rnatasiz.

3. E-mail’ingizga tasdiqlash xabari yuboriladi, tasdiqlash uchun xabardagi havola ustiga bosasiz.

4. So‘ng saytdan obuna turini tanlaysiz.

5. Obuna turini tanlaganingizdan keyin ism, familiya, tug‘ilgan yil va telefon raqamingizni so‘rovchi shakl chiqadi (istalgan davlat telefon raqamini qabul qiladi). Uni ham to‘ldirganingizdan keyin obuna uchun to‘lov qilishingiz kerak bo‘ladi. To‘lovni Master yoki Viza karta orqali qilasiz.

Keyin e-mail’ingizga foydalanuvchi raqami va kod yuboriladi. Veloturargohdan velosipedni olayotganda foydalanuvchi raqami va koddan foydalanasiz: maxsus avtomatga foydalanuvchi raqami va kodni kiritib, olmoqchi bo‘lgan velosipedingizni tanlaysiz va uni qulfdan yechib olasiz.

Haftalik obunada foydalanish boshlanish kunini o‘zingiz belgilay olasiz. Masalan, 2021 yil 21 mayda Lyublyanaga bormoqchi bo‘lsangiz, bir oy oldin haftalik obuna bo‘lib, foydalanish haftasining boshlanish sanasini 21 may qilib belgilashingiz mumkin.

Shuningdek, haftalik obuna tugagach, bemalol qaytadan 1 haftaga obuna bo‘lish imkoniyati bor.

1 yillik obuna uchun esa sizga Urbana kartasi kerak bo‘ladi. Bu kartani LLP (Lyublyana yo‘lovchi transporti markazi)dan olish mumkin. Karta ochtirish – 2 yevro. Bu karta faqat tizim velosipedlari ijarasi uchun emas, avtobus haqi, muzey va madaniy tadbirlarga kirish to‘lovlari, avtoturargoh haqi kabi to‘lovlarni amalga oshirish uchun ham zarur.

Karta olgach BicikeLJ tizimiga obuna bo‘lish lozim. 1 yillik obuna bo‘lish jarayoni 1 haftalik obuna bilan bir xil. Faqat foydalanuvchi raqami kiritishning o‘rniga avtomatdagi karta o‘qish oynasiga Urbana kartangizni tegizib, ye-mail’ingizga kelgan kodni kiritib, velosipedni yechib olaverasiz.

2020 yili Lyublyanada yashaganimda men ham tizimga 1 haftalik obuna bo‘lganman va shahar ichidagi ba'zi diqqatga sazovor yerlarga borib kelganman.

Ta'kidlash joizki, Lyublyana velosipedlar uchun juda qulay shahar. Nihoyatda tor yo‘llarni aytmaganda, deyarli har bir yo‘lda velosiped uchun alohida yo‘lak, albatta, bo‘ladi.

Lyublyana ko‘chalaridan biri: avtomobil yo‘li yonidagi piyodalar (chapda) va velosipedlar (chapda) uchun ajratilgan yo‘lak
Lyublyanadagi boshqa bir ko‘cha; suratda piyodalar va velosipedlarga mo‘ljallangan yo‘lak

Lekin...

Tizimning 3 noqulay jihati bor:

Har safar biror velosipedni olganingizda, faqat dastlabki 1 soat davomida bepul foydalanishingiz mumkin. Ikkinchi soat uchun qo‘shimcha 1 yevro, uchinchi uchun yana 2 yevro, to‘rtinchi va undan keyingi har soat uchun 4 yevrodan haq to‘lanadi. Bu kartangizdan avtomatik tarzda yechib olinadi. Biroq velosipedni dastlabki 1 soat ichida biror turargohga qaytarib, yana boshqasini olsangiz, bepul 1 soat qoidasi yangidan amal qila boshlaydi. Kuzatishim bo‘yicha, faktik jihatdan butunlay bepul foydalanish mumkin va ko‘pchilik shunday qiladi.

Lyublyanada BicikeLJ veloturargohlaridan biri. Foto: Diplomatic Corporate Services

 2. Bitta velosipeddan uzog‘i bilan 24 soat foydalanish mumkin. Velosipedlar Lyublyanadagi veloturargohlardan olinadi (ularning soni 51ta) va olingan velosiped 24 soat ichida veloturargohlarning biriga qaytarilishi lozim. Uni uyingizga olib borib qo‘ya olmaysiz. Ertasi kuni yana veloturargohlarning biridan istalgan velosipedni olib, foydalanaverasiz.

3. Foydalanish uchun 350 yevro depozit qo‘yishingiz kerak. Depozit shunchaki hisobingizda turadi. Agar foydalanish qoidalariga rioya qilmasangiz yoki veloturargohdan olgan velosipedingizni 24 soat ichida qaytarmasangiz, depozit jarima sifatida yechib olinadi. Haftalik yoki yillik obunangiz tugaganda yoki obunani muddatdan oldin o‘chirganingizda depozit summasi o‘zingizga qaytariladi.

P.S. Har kuni olgan velosipedni birorta veloturargohga qaytarib olib borib qo‘yish toza boshog‘rig‘i ekan deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin bu siz o‘ylaganchalik mushkul emas. Lyublyana kichik shahar va unda 51ta veloturargoh bor. Istalgan nuqtada bo‘lsangiz ham, sizga yaqin bo‘lgan veloturargoh osongina topiladi.

Maqsud Salomov,
Uzbek.Life’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Ko‘proq yangiliklar: