Farg‘onada kuyov sobiq qaynonasining mashinasini olib qochib ketdi

O‘zbekiston 12:57 / 04.05.2021 1820

Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 30 yoshli kuyov sobiq qaynonasining mashinasini olib qochgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 29 aprel kuni Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMBga 48 yoshli E.O‘. ismli ayol ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 09:30larda Farg‘ona shahri Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan yashash xonadonida turgan, o‘ziga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashinasini sobiq kuyovi 30 yoshli A.I. olib qochganini aytadi. U o‘z arizasida sobiq kuyovi tomonidan olib qochilgan avtomashinasini topib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida fuqaro E.O‘.ga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashina Farg‘ona tumani Oqbilol mahallasi hududidagi dala yer maydoniga tashlab ketilgani aniqlangan. A.I. esa protsessual tartibda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarda tergov harakatlari davomida sobiq kuyov A.I. oilaviy muammolari tufayli ushbu jinoyatni sodir qilgani, hozirda tergov xarakatlari  davom etayotgani bildirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: