Yevropa banklari Visa va Mastercard raqobatchisini tashkil etish uchun 30 mln yevro yig‘di

Iqtisodiyot 20:11 / 03.05.2021 9151

Yevropaning 30dan ortiq yirik banklari va moliya kompaniyalari to‘lov bozoridan Amerika servislarini siqib chiqaradigan to‘lov servisini tashkil etish uchun 30 mln yevro yig‘di, deb yozmoqda Financial Times.

Yevropa to‘lov servisi xaridorlarga do‘konlarda va onlayn to‘lovni amalga oshirish, pul o‘tkazish va bankomatlarda naqd pul yechib olish imkonini berishi lozim.

«G‘oyamiz PayPal, Mastercard, Visa, Google va Apple to‘lov servislariga qarshi tura oladigan to‘lov gigantini yaratish», — dedi Yevropa to‘lov tashabbusi (EPI) rahbari Yoaxim Shmalsl.

Ushbu servisni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar orasida Deutsche Bank, BNP Paribas, ING, UniCredit va Santander banklari bor. 

 Servis 2022 yil boshida ishga tushishi, yilning ikkinchi yarmida esa faoliyatini kengaytirishi rejalashtirilgan.

EuroCommerce assotsiatsiyasining ma'lumot berishicha, Yevropada har beshta tranzaksiyaning to‘rttasi Mastercard va Visa orqali amalga oshiriladi. Shmalslning so‘zlariga ko‘ra, bunday ustunlik xaridorlar va sotuvchilarga ziyon keltirishi mumkin.

«Biz bu «oligopoliya»ga raqobatchini tashkil etmoqchimiz va Yevropada sotuvchi hamda iste'molchilarga real tanlovni taklif qilmoqchimiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada hech kim yolg‘iz o‘zi Amerika to‘lov servislari bilan raqobat qila olmaydi.

«Biz birlashganimizdagina bunga imkoniyat paydo bo‘ladi», — deb qo‘shib qo‘ydi Shmalsl.

 

Ko‘proq yangiliklar: