Yoshlar uchun imtiyozlar va boshqalar - 1 maydan soliq tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Iqtisodiyot 15:39 / 30.04.2021 28170

Eksportyorlarning depitor qarzdorliklari yangidan hisoblanadi

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 may holatiga shakllangan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi. Debitor qarzdorlik vujudga kelish muddatlari 2021 yil 1 maydan boshlab yangidan hisoblanadi.

Chet eldan xorijiy valutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksportyorlarga «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimida tovarlarni olib kirish va rasmiylashtirish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni o‘z vaqtida ta'minlamagan importyorlarga qonunchilikda belgilangan jarima miqdorlari ikki baravarga kamaytiriladi.

25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasi qaytarib beriladi

Prezident farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan, 7-oydan boshlab qaytariladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga subsidiyalar beriladi

1 maydan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi («Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan).

Xuddi shu kundan, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub'yektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etiladi.

Dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga subsidiyalar beriladi

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga «Yoshlar daftari», «Temir daftar» hamda «Ayollar daftari» jamg‘armalari hisobidan urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun BHMning 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.

O‘simlik yog‘i yil oxirigacha QQSdan ozod qilinadi

Tegishli qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar QQSdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘i mahsulotlariga nisbatan eksport boji joriy etildi.

Bo‘stonliq tumanida alohida tartibda soliq solish tartibining sinov muddati yakunlanadi

Hukumat qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 maydan 2021 yil 1 maygacha Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obektlarini hisobga olish va soliq ma'muriyatchiligining alohida tartibi joriy etilgandi.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibdagi uy-joylar va yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar, shuningdek, ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish obektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga berilishi ko‘zda tutilgandi. 1 maydan tajriba davri yakunlandi.

Ko‘proq yangiliklar: