Mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida hokimlarning faoliyatini muhokama qilarkan, davlat rahbari har bir loyiha jiddiy o‘rganilganidan keyingina amalga oshirilishi kerakligiga to‘xtaldi.
«Prezident aytdi» deb shoshilib ish qilmanglar, har bir loyiha pishiq-puxta bo‘lsin, kelgusi 100 yillarga ishlasin. Mana, Boysunda turizm kolleji bor deyapsizlar. Bitta tumandagi kollej bitiruvchilari qayerda ishlaydi? Olmaliqdagi sement zavodi ham bir vaqtlar davlat mablag‘iga qurilgan, lekin kutilgan samarani bermadi. Shuning uchun ajratilgan har bir so‘m mablag‘ maqsadli sarflansin.
Viloyatlar tomonidan qurilish materiallari sohasida 5 milliard dollarlik 1 mingdan ziyod loyiha takliflari shakllantirildi. Viloyat hokimlari, yil yakuniga qadar 900ta loyihani ishga tushirish orqali 25 mingta ish o‘rni yaratishga mas'ul bo‘ladi.
«Sanoatqurilishbank» qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari uchun 300 million dollar mablag‘ jalb qilsin. Bunga qo‘shimcha, loyihalarni kreditlashga davlat tomonidan «Sanoatqurilishbank» orqali qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi.
Yangi turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun tadbirkorlarga 15 milliard so‘mgacha kafillik beriladi (hozirda 8 milliard so‘m).
Shuningdek, milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi. Qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va karerlar uchun yer solig‘i 10 baravargacha kamaytiriladi», degan prezident.