Birjada paxta moyi sotib olishga qo‘yilgan cheklov narx o‘sishiga ta'sir qilmasligi aytildi

Iqtisodiyot 23:28 / 30.04.2021 12180

Yaqinda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta moyi narxi o‘sishining oldini olish uchun bir xaridor 3 tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi moyni birjada sotib olishi bo‘yicha cheklov o‘rnatgandi.

Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, cheklov chakana savdoga yetib borguncha moy narxining yanada oshishiga ta'sir qilishi, logistika va transport xarajatlari mahsulot kam sotib olinishi hisobiga ortib ketishi mumkinligi aytildi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov 30 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur masalaga to‘xtalib o‘tdi.

«Haqiqatan limit kiritilgan edi, bu o‘rganib chiqilgan. Lekin mahsulotning yakuniy chakana narxiga ta'sir qiladigan darajada emas.

Bu talabni qisish emas. Katta miqdordagi mahsulotni xarid qilib olib, uni ushlab turib, keyinchalik narxini oshirib sotish imkoniyatini cheklaydigan vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bunda ko‘proq tadbirkorlar mahsulot sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mahsulotlarni sun'iy ravishda ushlab turish va qandaydir kelishib olingan noto‘g‘ri harakatlar cheklanadi.

Bizda paxta moyi narxining shakllanishi kungaboqar moyi narxi shakllanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Paxta moyini sotish narxi imkoniyatidan kelib chiqqan holda chigit narxi shakllanadi.

Hozirda narxlar bozordagi talab va taklifning ishlash qonuni asosida oshmoqda. Bunday jarayonlarga qandaydir ma'muriy usullar bilan yondashadigan bo‘lsak, samara bermaydi», dedi rais o‘rinbosari.

Bekzod Ummatov

Qayd etilishicha, ayni paytdagi ta'sir choralari bozor munosabatlaridan kelib chiqib qo‘llanilmoqda.

Avvalroq, qo‘mita kungaboqar va paxta moylari narxi qimmatlashi bo‘yicha izoh bergandi.

Ma'lum qilinishicha, moylar narxining keskin ko‘tarilishiga jahon bozorlaridagi narxlar oshishi, o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lgani, qo‘shni davlatlarda kungaboqar moyi va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilangan muddat uzaytirilishi ta'sir qilgan.

Shuningdek, birjada paxta moyi narxining qimmatlashi va kungaboqar moyi ochiq savdoda sotilmasligiga ham izoh berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: