East Fruit tahlillariga ko‘ra, ayni paytda banan narxlari butun dunyoda o‘tgan yilga nisbatan ancha qimmat hisoblanadi. Bu barcha mamlakatlar uchun dolzarb tendensiyadir.
Ayni paytda bananlarning o‘rtacha narxi Rossiyada bir yarim baravar oshdi va mamlakat ulgurji bozorida o‘rtacha 1 kg banan 1,44 dollar atrofida sotilmoqda. Shu bilan birga, bananlarni moddiy-texnika jihatidan olisligi sababli Markaziy Osiyo mamlakatlarida an'anaviy narxlardan ancha qimmatroq sotib olish mumkin. Tojikistonda ushbu mevaning ulgurji narxi kilogrammi uchun 1,57 dollar, O‘zbekistonda esa 1,99 dollarni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, Belarusda ushbu mevalar o‘rtacha 25 foizga, Polsha va Gruziyada esa 21 foizga qimmatlashgan.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda banan narxi ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lmoqda?
Butun dunyoda bananlarning juda katta qismi Ekvadorda yetishtiriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlariga ushbu davlatdan import qilinadi. Mamlakat iqtisodiyotining pasayishi, Sovid-19’ning tez tarqalishi, shuningdek, 2020 yilda global talabning pasayishi sababli bananlarning jahon bozoridagi narxi keskin tushib ketdi. Bu esa ushbu mevani yetishtirishga manfaatdorlikni kamaytirdi.
Bundan tashqari, joriy yil mart oyida mamlakatda Sangay vulqonining otilishi banan hosiliga jiddiy zarar yetkazgan. Shuningdek, Ekvador bananlariga kutilmaganda AQSh bozorida kuchli talab paydo bo‘ldi. 2020 yil noyabrida Markaziy Amerika bo‘ylab ro‘y bergan toshqinlardan so‘ng, banan ishlab chiqarilishi Gvatemala, Honduras va mintaqaning boshqa mamlakatlarida jiddiy darajada kamayib ketdi va AQSh ichki bozor talablarini o‘zi uchun noodatiy bozor hisoblangan Ekvador mahsulotlari bilan ta'minlay boshladi.
Ishlab chiqarish qisqarishi, boshqa muqobil qulay bozorlar paydo bo‘lishi va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlarning aksariyati milliy valutasining dollarga nisbatan qadrsizlanib ketishi ichki bozorda import qilinadigan mahsulotlar qimmatlashishiga olib kelgan.
Bu tendensiyalarning barchasi hamma joyda banan narxining asta-sekin o‘sib borishiga yordam bermoqda va so‘nggi vaqtlarda Janubiy Amerikada bananlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar ham ko‘paymoqda.
Banan sanoati uchun katta tahdid hozirda Tropical Race 4 (TR4) kasalligi bo‘lib, u birinchi navbatda eng ko‘p eksport qilinadigan Cavendish naviga kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Janubiy Amerika plantatsiyalarida kasallikni yuqtirish hollari 2019 yildayoq qayd etilgan va joriy yil aprelida ushbu holat Ekvador va Peruda ham tasdiqlangani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ma'lumot uchun, Cavendish 1950-yillardan beri eng ko‘p eksport qilinadigan banan turi hisoblandi. TR4 tarqalishi ilgari mintaqada asosiy nav hisoblangan Gros Mishel plantatsiyalarining juda katta qismini yo‘q qilib yuborgan.
Shuningdek, OAVda Venesuelada tuproq qo‘ziqorinlarini rivojlantiruvchi Fusarium oxysporum TR 4 kasalligi kuzatilayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bu Venesuela hukumati tomonidan rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan fotosuratlar hamda videolar banan plantatsiyalaridagi ayanchli vaziyatning sababi nima ekanligi haqida hech qanday shubha qoldirmaydi. Natijada dunyodagi eng yirik banan eksportchisi bo‘lgan Ekvador TR 4 virusi holatlari allaqachon tasdiqlangan mamlakatlar tomonidan to‘liq o‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, Ekvador har yili 6,5 million tonnadan ortiq banan eksport qiladi. Bundan tashqari, aynan shu mamlakat Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng katta banan yetkazib beruvchi hisoblanadi. Hozirgacha Ekvador Fusarium oxysporum TR 4 tuproq qo‘ziqorini bilan kasallanish o‘choqlari haqida xabar bermagan bo‘lsa-da, vaziyatning bunday rivojlanish ehtimoli juda yuqori hisoblanadi.
East Fruit hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari banan iste'mol qilish bo‘yicha eng past yoki o‘ta past toifadagi mamlakatlar sirasiga kiradi. Biroq, bu yerda ham banan odatda supermarketlarda eng ko‘p sotiladigan mevalar toifasiga kiradi va meva importida eng katta ulushlardan birini egallaydi. Shunga ko‘ra, banan bozoridagi narxlar o‘zgarishi iste'molchilarga bevosita ta'sir qiladi. Shuningdek, bu olma va boshqa an'anaviy va ayniqsa mavsumiy mevalarga bo‘lgan talabning o‘sishini rag‘batlantiradi.