Ekvadorda to‘dalar zo‘ravonligiga qarshi yanada qat’iyroq choralar ko‘rish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. 21 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ommaviy ovoz berishda armiya va politsiya vakolatlarini kengaytirish, qurol nazoratini kuchaytirish va uyushgan guruhlar jinoyatlari uchun jazoni qat’iylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlikda gumonlanib, xorijda qidirilayotgan ekvadorliklarni ekstraditsiya qilishga ruxsat beruvchi konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tmoqda. Janubiy Amerika davlatida 13,6 millionga yaqin saylovchi referendumda qatnashish huquqiga ega.
Ekvador prezidenti Daniel Noboa mamlakatda kuchayib borayotgan zo‘ravonlik bilan kurashib, rejalashtirilgan xavfsizlik choralari uchun saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda. U ekvadorliklarni politsiya-harbiy patrul xizmatini joriy etish, qidiruvdagi jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish, terrorizm va qotillik uchun jazo muddatini uzaytirishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Referendumga jami 11 ta masala qo‘yildi.
Ekvadorda favqulodda holat
Yanvar oyida kuchli «Los Choneros» to‘dasi rahbari, narkobaron Adolfo Macias qamoqdan qochib ketganidan so‘ng, Noboa «ichki qurolli mojaro» tufayli favqulodda holat va komendantlik soati e’lon qildi. O‘sha oyda yuziga niqob taqib olgan shaxslar jonli efirda TC Televisión davlat televideniyesiga bostirib kirib, bir necha jurnalist va xodimlarni garovga oldi.
Telekanaldagi voqeadan so‘ng va Ekvadorda banditizm kuchayishi munosabati bilan prezident Noboa barcha to‘dalarni yo‘q qilishni buyurdi. Farmon bilan u qurolli kuchlarga «ichki qurolli mojaro» rejimini e’lon qilib, yigirma jinoiy tashkilotga qarshi operatsiyalar o‘tkazishni topshirdi. Farmonda Ekvadorda faoliyat yuritayotgan jinoiy to‘dalar yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan terrorchi tashkilotlar va urushayotgan nodavlat tomonlar deb ataladi. Bunga javoban jinoiy guruhlar hukumatga «urush» e’lon qildi. O‘shandan beri qamoqxonalarda zo‘ravonlik avj oldi, mahbuslar tartibsizliklar uyushtirdi va xodimlarni garovga oldi. Bundan tashqari, Ekvadorda qurolli hujumlar va odam o‘g‘irlashlar sodir bo‘ldi.
Daniel Noboa 2023 yil noyabr oyida lavozimga kelganidan beri o‘nga yaqin siyosatchi va prokurorlar o‘ldirildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati «narkoterrorchilar va ularning ittifoqchilari» tomonidan terrorga uchramoqda.