Biznes-ombudsman «obnal ishi»da tadbirkorlarga yordam bera oldimi?

Iqtisodiyot 14:25 / 29.04.2021 12747

Biznes-ombudsman soliqchilar tomonidan «shubhali» deb topilgan bitimlar bo‘yicha 10 mingga yaqin tadbirkordan QQS summalarini undirishning qonuniyligi borasida o‘rganish boshlaganini ma'lum qilgan edi.

19 fevralda biznes-ombudsman Davlat soliq qo‘mitasiga QQS mojarosi yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Shundan keyin biznes-ombudsman bu masalaga boshqa qaytmadi.

Kun.uz 27 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida idora vakilidan shu haqda izoh so‘radi.

Biznes-ombudsman yetakchi inspektori Sardor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, 19 fevralda biznes-ombudsman tomonidan qo‘mitaga qonunbuzilish holati mavjudligi aniqlangani sababli taqdimnoma kiritilgan. DSQ esa teskari pozitsiya bildirgan.

«Biznes-ombudsman devonida ushbu holat o‘rganilgandan keyin, uning yakuni bo‘yicha soliq qo‘mitasiga qonunbuzilish fakti mavjud, deb taqdimnoma kiritilgan. DSQ bu bo‘yicha bizning pozitsiyaga nisbatan teskari pozitsiya bildirdi. Shunga ko‘ra, keyingi protsedura sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.

Bizning xodimlarimiz ham sudlarda qatnashmoqda. Bunda biz tomondan sudlarga ariza berilgan holatlar bilan birga, tadbirkorlik sub'yektlarining o‘zi sudga murojaat qilgan holatlar ham bor. Sudlarda jarayon ketmoqda, hali natijasi chiqmadi», – dedi u.

Biznes-vakil matbuot xizmati rasmiysi Abduvali Abdumavlonov, Kun.uz so‘roviga javoban, idora tomonidan «obnal ishi» doirasida tadbirkorlar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da'vo kiritilmagani, ammo idora vakillari ikkita sud jarayonida qatnashib kelayotganini ma'lum qildi.

 «Inoyat Buziness» MChJ va «Food Eco Bizness» XKning QQS masalasidagi Toshkent tumanlararo ma'muriy sudi jarayonida biznes-ombudsman vakillari qatnashib kelmoqda», – dedi Abduvali Abdumavlonov.

Ma'lumot uchun, Kun.uz Toshkent tumanlararo ma'muriy sudida «obnal ishi» bo‘yicha ko‘rilgan boshqa bir sud ishini yoritgan, unda sud soliqchilarning xatti-harakatlarini noqonuniy deb topgandi.

Bundan avval, DSQ «obnal-firmalar» faoliyati bilan bog‘liq sud jarayonlarida DSQ xatti-harakatlarining qonuniyligi isbotlanmoqda, deya bayonot tarqatgan.

Ko‘proq yangiliklar: