Antimonopol qo‘mitasining xabar berishicha, paxta yog‘i narxining oshishiga yog‘ ishlab chiqaruvchi davlatlardagi kungaboqar yog‘i narxining ko‘tarilishi asosiy sabab bo‘lsa ham, narx oshishida monopoliya elementlari borligi aniqlangan.
«Olib borilgan o‘rganishlar natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi obektlar tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun buzilish alomatlari borligi aniqlandi. Xususan, Qo‘mitada tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan tovar bozorida o‘zaro raqobatchi bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalari o‘rtasida kelishib olingan harakatlar va kelishuvlar bor yoki yo‘qligi aniqlashtirilmoqda», - deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘mita quyidagi harakatlar yuzasidan o‘rganish ishlarini boshlaganini ma'lum qildi:
- Kelishuvlar aniqlangan holda uning orqasidan sun'iy ravishda narxlarni belgilash yoki saqlab turish;
- ishlab chiqarish, mahsulot sotish bozorlari ustidan nazorat o‘rnatish;
- taklif hajmini sun'iy ravishda o‘zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olish.
Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi paxta yog‘i narxlari o‘sishining oldini olish uchun bitta xaridor tomonidan paxta yog‘ini 3 tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tovar xomashyo birjasida sotib olish hajmini chekladi. Raqobatga zid bo‘lgan harakatlar aniqlangan taqdirda, qo‘mita kompaniya va shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda hamma zarur choralarni ko‘rishini ma'lum qildi.
Avvalroq, deputatlar o‘simlik yog‘ini vaqtincha QQSdan ozod qilish borasida qaror qabul qilgani va u senatda ma'qullangani xabar qilingandi. Qonunga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.