Markaziy bank: 2020 yilda ishsizlik darajasi 10,5 foizga ko‘tarildi

Iqtisodiyot 20:39 / 28.04.2021 8967

Markaziy bankning 2020 yil yakunlari bo‘yicha hisoboti e'lon qilindi.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan kuchaytirilgan tartibdagi karantin cheklovlarining joriy etilishi, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlaridagi korxonalar faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishi ishsizlik darajasining sezilarli darajada oshishiga olib kelgan.

Xususan, 2020 yil yakunida jami band aholi soni 13,2 million kishini tashkil etib, ishsizlik darajasi 2019 yil yakunidagi 9,1 foizdan 10,5 foizgacha oshgan. Bunda ishsizlik darajasi oshishining eng yuqori ko‘rsatkichi 2020 yilining II choragida kuzatilib, mazkur davrda ishsizlar soni 672 mingtaga oshib, ishsizlik darajasi 13,2 foizga yetgan.

Tarmoqlar kesimida qaralganda, savdo (5 foiz), qurilish (4,3 foiz), tashish va saqlash (3,5 foiz), sanoat (1,2 foiz) sohalarida bandlikning qisqarishi kuzatilgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash (5,7 foiz), ta'lim (2,4 foiz) hamda qishloq xo‘jaligi (0,5 foiz) sohalarida bandlik darajasi oshgan.

Shuningdek, ishsizlik darajasining oshishi natijasida ortiqcha ishchi kuchi taklifining vujudga kelishi sharoitida mehnat bozorida o‘rtacha nominal ish haqi o‘sishi 2019 yildagi 27,5 foizdan 14,7 foizgacha sekinlashgan.

Hisobot yilida pandemiya sharoitida korxonalarning to‘liq quvvatlarda ishlamaganligi, mehnat resurslari harakatlarining cheklanganligi natijasida mehnat unumdorligi pasayish tendensiyasiga ega bo‘lgan.

Xususan, mehnat unumdorligi o‘sishi 2020 yilning I choragida 2019 yilning I choragiga nisbatan sekinlashgan bo‘lsa, II hamda III choraklarda mos ravishda 1,1 va 1,9 foizga pasaygan. 2020 yilning III choragidan karantin cheklovlarining yumshatilishi, iqtisodiy faollikning tiklanishi sharoitida mehnat unumdorligi ko‘rsatkichining ham ijobiy o‘zgarishi kuzatilib, IV choragida uning o‘sishi 1,8 foizni tashkil qilgan.

Avvalroq, Senat yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev hozirda mamlakatda 1,6 million ishsiz borligi, shundan 805 mingdan ortig‘i 16-30 yoshdagi ishsizlar ekanligini ta'kidlab o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: