Markaziy bank departamenti bosh iqtisodchisi Shoira Rahimjonova elektron pullar va ulardan qanday foydalanish bo‘yicha ma'lumot berdi.
Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda 5ta turdagi elektron pullar tizimi ro‘yxatga olingan. Umuman olganda elektron pullar to‘lov vositasi hisoblanib, elektron hamyonlarda saqlanadi.
Dastavval elektron pullardan foydalanish uchun identifikatsiyadan o‘tish lozim.
Elektron pul egasining identifikatsiya qilinmagan elektron hamyonida saqlanadigan elektron mablag‘ning eng ko‘p summasi 5 BHM( Bazaviy hisoblash miqdori)ga teng bo‘lgan summadan, bitta operatsiyaning eng ko‘p summasi 1BHMga teng bo‘lgan summadan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, identifikatsiya qilingan elektron hamyonlar orqali bitta operatsiyaning eng ko‘p summasi 100 BHMga teng bo‘lgan summadan oshmasligi ma'lum qilindi.
«Elektron pullarning asosiy afzalliklaridan biri, bank hisobvarag‘ini ochmasdan turib to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatining mavjudligi va tezkor tizimning yo‘lga qo‘yilganligidadir. Shu bilan birga to‘lovlarni amalga oshirayotgan paytda vositachilik haqining boshqa to‘lov vositalariga qaraganda arzonligi hisoblanadi», dedi Shoira Rahimjonova.
Ayni paytda elektron hamyonlar yordamida mobil operatorlar, kommunal to‘lovlar, televideniya va taksi xizmatlari uchun o‘tkazmalarni amalga oshirish mumkin.
Shu bilan birga elektron puldan foydalanib, xorijiy valutada emissiya qilingan elektron pullarni ayirboshlash imkoniyati ham mavjud.
2021 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 5 million 691 mingta elektron hamyonlar ro‘yxatga olingan. Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida elektron pullar tizimlarida amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 28,5 milliard so‘mdan oshgan.