Benzema «Real» uchun yangi Ronaldu. Faqat u madridliklarni finalga olib chiqishi mumkin

Sport 15:57 / 28.04.2021 10270

Klubda Krishtianu Ronaldu darajasidagi yulduz bo‘lsa, rahbarlar u ketganidan keyin nima bo‘lishi haqida o‘ylashi kerak. Aniqrog‘i — undan keyin jamoaning yangi yuzi kim bo‘lishi haqida. «Real»da ham bu savol berilgani aniq, ammo hech kim portugaliyalik yulduz bilan xayrlashuv bu qadar tez sur'atda va barvaqt bo‘lishini kutmagandi.

Avvaliga ko‘pchilik uning o‘rnini Vinisius Junior egallashini kutgandi va bu mantiqiy ham edi - u 17 yoshida katta pulga sotib olingandi. Keyin esa «Santyago Bernabeu»ning yangi yetakchisi bo‘lishiga umid bog‘lanib, Eden Azar sotib olindi hamda unga «Qirollik klubi» uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan yettinchi raqam topshirildi. Ammo belgiyalik futbolchi doimiy tarzda jarohat olib kelmoqda, Vinisius esa hali ham o‘tish davridan o‘ta olmayapti.

«Real» uchun bular qay darajada muammo, ammo eng asosiysi emas. Chunki Madridda yangi qirol paydo bo‘ldi. Paydo bo‘ldi deyish o‘z ma'nosida emas. Karim Benzema jamoada 12-mavsumni o‘tkazmoqda. Madridda murabbiylar almashadi, avlodlar almashadi, ammo fransuz futbolchisi o‘ynashda davom etadi, u Raul bilan birga o‘ynashga ulgurgan, u seshanba oqshomida Chempionlar ligasida urilgan gollar soni bo‘yicha ushbu afsona bilan tenglashib oldi. Bu o‘yindagi gol Karim uchun YeChLdagi 71-gol bo‘ldi. Yuqorida faqat Ronaldu (134), Leo Messi (119) va Robert Levandovski (73).

Benzema YeChL pley-off o‘yinlarida 20 gol urgan – u bu borada Myuller (24), Levandovski (26), Messi (49) va Krishtianu (67) kabi futbolchilarni ta'qib qilmoqda.

Yana bir nyuans ham bor — asosiy yevrokubokdagi gollarining barchasini Benzema o‘yindan urgan va bu 33 yoshli hujumchining unikalligi haqidagi yana bir fakt.

Fransuz YeChLdagi ajoyib o‘yini bilan cheklanmaydi, u Ispaniya chempionatida ham zo‘r o‘ynamoqda –  La Lige-2020/21 o‘yinlarida undan ko‘p golni faqat Messi urgan (25ga qarshi 21). U 7 assistga ham mualliflik qilgan: Benzema «Real»ning La Ligadagi jami gollarining yarmida ishtirok etgan.

Foto Reuters

Hozirda bir vaqtlar Florentino Peres uni sotib yubormoqchi bo‘lganiga ishonish qiyin. Bu ko‘ngliga keladiganini qilaveradigan, katta nomlarga o‘ch «Real» prezidenti uchun odatiy holat. Masalan, uni jamoa qatorasiga uch mavsumda YeChL g‘olib bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan kosta-rikalik Keylor Navas ham qoniqtirmagandi.

Har safar Zinedin Zidan ushbu darvozabonni jamoada olib qolar edi, ammo murabbiy ketganidan keyin Peres «azaliy orzusi»ni amalga oshirdi va Tibo Kurtuani sotib oldi. Belgiyalik darvozabon so‘nggi ikki mavsumda chindan ham yaxshi o‘ynamoqda, ammo buni Navasning «PSJ»dagi o‘yinlari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Savol tug‘iladi: Tarkibda yuqori darajadagi darvozabon bo‘la turib, uning o‘yinida hech qanday muammo yo‘qligida yangi darvozabon uchun 40 million yevro sarflash va transfer doirasida «Chelsi»ga Mateo Kovachichni berib yuborishda mantiq bormi?

Jamoaning baxtiga, Benzema bilan vaziyat boshqacha tus oldi, endi Peres «Lion»dan forvard sotib olib, eng to‘g‘ri qarorlaridan birini amalga oshirgan bo‘lib chiqmoqda. O‘shanda «Real»da butunlay boshqa futbolchi birinchi raqamli maqsad edi, ammo «Valensiya» David Vilyani sotishni istamagandi. O‘sha vaqtda jahon futboli yulduzlaridan biri bo‘lgan ispaniyalik hujumchi «Real»ning yangi fransuz hujumchisidan olti yosh katta edi. «Valensiya» bir yil o‘tib, 2010 yilda Vilyani «Barselona»ga sotadi, 2013 yilda esa futbolchi ispan futbolining boshqa bir grandi - «Atletiko» safiga o‘tadi. Ammo Madridda bir yil o‘ynab, okean ortiga, MLS chempionatiga yo‘l oladi. Orada Avstraliyada ham o‘ynagan futbolchi faoliyatining so‘nggi qismini Yaponiyada, J-ligasida o‘tkazdi va bir yil oldin futbolchilik faoliyatini yakunladi, Benzema esa hamon katta futbolda.

Ronaldu davrida ham yaxshi statistikaga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, fransuz forvardi baribir «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi soyasida qolardi, hozir esa u shaksiz «Real»ning primasi. U Chempionlar ligasida so‘nggi uch mavsumda Krishtianudan ko‘proq gol urgan — 15 gol 14taga qarshi. Portugaliyalik futbolchi ketganidan keyin aynan Benzema madridliklar jamoasida barcha turnirlar doirasida urilgan gollar soni bo‘yicha ham (85), golli uzatmalar soni bo‘yicha ham (29) birinchi.

Bu raqamlar fransuz futbolchisining buyukligini ta'kidlaydi, ammo, aftidan, uning qaymoqranglilar safidagi rolini to‘liq ochib bera olmaydi. Benzema turlicha o‘ynashi mumkin, u o‘z vaqtida Ronaldu uchun ideal sherik bo‘lib, himoyachilarni o‘ziga jalb qilgan holda portugaliyalik uchun hududlarni tozalagan, bu davr uning imkoniyatlarini rivojlantirgan.

U doimiy ravishda ortga qaytishi — shunchaki to‘p izlab ortga qaytish emas, u hujumni chuqurdan boshlashda ishtirok etib, bir necha soniya ichida raqib jarima maydoni ichida paydo bo‘lishi yoki jamoadoshlaridan birini zarba berish nuqtasiga chiqarishi mumkin. Zamonaviy futbolda u kabi intensiv, qora ishlarni qilishdan qaytmaydigan va pressingda faol ishtirok etadigan futbolchilardan faqat Kavanini Benzema bilan taqqoslash mumkin.

«U yanada serqirra futbolchiga aylandi, u endi shunchaki «to‘qqizlik» emas. Karim faqat o‘zi gol urishi haqida o‘ylamaydi va shuning uchun uni yoqtiraman. U jamoadoshlari bilan kombinatsiyalar uyushtiradi va ular uchun qulay vaziyatlar yaratib beradi, jamoaga gol kerak bo‘lganida o‘zi katta sahnaga chiqib kerakli gollarni uradi», deya tasdiqlaydi Zidan.

Zizuning bu so‘zlari qariyb to‘rt oy oldin aytilgan, ammo «Chelsi»ga qarshi o‘yindan keyin bu so‘zlar yana dolzarblashdi. Londonliklar yaxshi o‘ynashdi va o‘yindagi qahramonlardan biri sifatida shu kuni maydon markazini nazorat qilgan Ngolo Kanteni aytish mumkin, «Real» esa faqat bir bor raqib darvozasi tomon aniq zarba berdi. Ammo bu qanday zarba edi!? Havodagi to‘pni bosh bilan qayta ishlab unga qaytarib bo‘lmas zarba berish — bu yuqori saviya belgisi. Bir haftadan keyin «Stemford Brij»da qaymoqranglilarni finalga olib chiqishi mumkin bo‘lgan futbolchi - bu faqat Benzemadir.

Manba: Sport-Ekspress

Ko‘proq yangiliklar: