O‘zbekistonda ilk bor 5 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari muomalaga chiqarildi

Iqtisodiyot 15:55 / 27.04.2021 10649

27 aprel kuni O‘zbekiston Valuta birjasida o‘tkazilgan elektron savdolarda ilk marotaba 5 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari muomalaga chiqarildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, qimmatli qog‘ozlarning o‘rtacha tortilgan daromadligi 12,65 foizni tashkil etib, 5 yillik muddat uchun benchmark yaratildi.

«Auksion savdolarida umumiy qiymati 100 mlrd so‘m bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish uchun dilerlar tomonidan taklifga nisbatan 1,7 barobar ortiq hajmdagi buyurtmalar qabul qilindi.

O‘rta va uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilinishi milliy valutadagi past xatarli instrumentlarni chiqarish orqali mablag‘larni jalb qilish benchmarki bo‘lib xizmat qiladi, moliyaviy instrumentlarni diversifikatsiyalash hamda moliya bozoriga yangi ishtirokchilarni (sug‘urta kompaniyalari va boshqalar) jalb etish uchun zamin yaratadi», deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzi portfelini diversifikatsiyalash va valuta xatarlarini pasaytirish maqsadida davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish hajmi oshirilmoqda va ichki moliya bozorlarini rivojlantirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Ma'lumot uchun, Moliya vazirligi tomonidan chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari hajmi 2018 yilda 597 mlrd so‘mni, 2019 yilda 1 trln 550 mlrd so‘mni, 2020 yilda 5 trln 24 mln so‘mni va 2021 yil yanvar-aprel oylarida 1 trln 173 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, davlat qarzi portfelida valuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2020 yil noyabr oyida ilk bora so‘mda 2 trln so‘m miqdorida suveren xalqaro obligatsiyalari chiqarildi.

Ko‘proq yangiliklar: