Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida faqatgina «jamoat ehtiyojlari» iborasi qo‘llanilib, O‘zbekiston huquq tizimida o‘rnashib qolgan «davlat va jamoat ehtiyojlari» tushunchasidan voz kechilmoqda. Bu haqda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Suhrob Yusupov ma'lum qildi.
«Jamoat ehtiyojlari tushunchasi nima ekanligi aniq va tugal belgilab qo‘yilmas ekan, uni turlicha talqin qilish, xususiy ehtiyojlarni yoki tijorat ehtiyojlarini jamoat ehtiyoji sifatida talqin qilishga urinishlar bo‘lib turadi. Shu bois, qonun loyihasida yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati keltirilib, «boshqa holatlar» kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechildi.
Eng muhimi, «investitsiya loyihalarini amalga oshirish» yer uchastkasini olib qo‘yish uchun asos bo‘la olmasligi nazarda tutilmoqda va investor yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqa olmasligi belgilanmoqda», deya Suhrob Yusupovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Loyihaning 5-moddasida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga asos bo‘ladigan holatlar keltirilgan bo‘lib ular:
- mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
- foydali qazilma konlarini aniqlash va qazib chiqarish (keng tarqalgan foydali qazilma konlari bundan mustasno);
- respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika va aloqa tizimi muhandislik obektlari va tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
- aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga obektlar qurish qismida ijro etish;
- davlat investitsion dasturlarida belgilangan davlat ta'lim, tibbiyot, madaniyat va ijtimoiy himoya muassasalarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.
Boshqa har qanday maqsadlarda yer uchastkalari olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish deb talqin etish taqiqlanadi.
Shuningdek, loyihada yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6ta bosqichdagi jarayonlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish kabi majburiy shartlarni bajarishi lozim bo‘ladi.
«Faqatgina shundan so‘ng mahalliy kengashlar tomonidan yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi jamoat ehtiyojlariga xizmat qiladi deb topilsa, mulkdorlar bilan muzokaraga kirishadi va ularning har birining roziligini olmaguncha hamda kompensatsiyalar to‘liq berilib, ko‘chmas mulklar bo‘shatib qo‘yilmaguncha hech kim uni buzish, ya'ni «snos» haqida gapira olmaydi.
Kompensatsiya berilganidan so‘ng ko‘chmas mulk obektini kelishuv asosida olti oygacha muddatda bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat beriladi», deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.