Bir oy ilgari Toshkent tumanlararo ma'muriy sudida «obnal ishi» bo‘yicha tadbirkorning soliq organiga nisbatan arizasi yuzasidan sud jarayoni boshlangandi. Kun.uz Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkor va Toshkent shahar davlat soliq inspeksiyasi o‘rtasidagi «obnal ishi» yuzasidan sudni yoritib bordi.
26 aprel kuni sud tadbirkor foydasiga hal qiluv qarori chiqardi.
Da'vogar sudga soliq organining dalil-isbotsiz bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan, deb hisoblab qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha hisobga olishni bekor qilish va tuzatishni amalga oshirishdan iborat xatti-harakatini qonunga xilof deb topish to‘g‘risida da'vo arizasini kiritgan edi.
Soliq organi 10 fevralda tadbirkorning hisobga olingan QQS hisobotidagi summani ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim orqasidan kelib chiqqan, deb taxmin qilib, Soliq kodeksining 266-moddasida berilgan huquq asosida tadbirkorning QQS solig‘i bo‘yicha shaxsiy hisobvarag‘iga o‘zgartirish kiritib, unga soliq majburiyatini yuklagan.
Tadbirkor vakilining fikricha, Soliq kodeksining 266-moddasi bilan berilgan huquq, soliq organlarining soliq nazoratini amalga oshirish majburiyatidan kelib chiqadi. O‘z navbatida, soliq nazorati kodeksga binoan soliq tekshiruvlari va soliq monitoringi shaklida amalga oshiriladi. Demakki, soliq organining hisobga olingan QQS summasiga o‘zgartish kiritish (korrektirovka) vakolati, har bir alohida olingan vaziyatda, soliq organi tomonidan tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i, soliqqa oid huquqbuzarlik aniqlangan holatlarda tekshiruv dalolatnomasining rasmiylashtirilishi, tekshiruv natijalarining soliq to‘lovchisi ishtirokidagi muhokamasi va nihoyat tekshiruv bo‘yicha soliq organining qarori qabul qilinib, qaror qonuniy kuchga kirganidan so‘ng yuzaga keladi.
Nizoli vaziyatda esa, soliq organi tomonidan soliq nazorati tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, uning natijalari Soliq kodeksiga binoan rasmiy tekshiruv, uning dalolatnoma va qarorlari asosida rasmiylashtirilmagan.
Sud da'vogarning arizasini shu asoslarga ko‘ra qanoatlantirdi.
Ya'ni Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorga nisbatan Soliq kodeksining 14- va 266-moddalariga zid ravishda dalil-isbotsiz bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan, deb hisoblab, QQS bo‘yicha hisobga olishni bekor qilish va tuzatishni amalga oshirishdan iborat 10 fevraldagi xatti-harakati qonunga xilof deb topildi.
Sud Toshkent shahar DSBga tadbirkorning shaxsiy hisobvarag‘iga kiritilgan tuzatishni bekor qilish majburiyatini yukladi.
Soliq organidan korxona tomonidan to‘langan 2 million 450 ming so‘m davlat boji va 19 600 so‘m pochta xarajatlari undiriladi.
Hal qiluv qarori yuzasidan soliq organi apellyatsiya tartibida shikoyat arizasini berishi mumkin. Apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan ishlar kassatsiya tartibida ko‘rilmaydi.
Avvalroq, DSQ «obnal-firmalar» faoliyati bilan bog‘liq sud jarayonlarida DSQ xatti-harakatlarining qonuniyligi isbotlanmoqda, deya bayonot tarqatgandi. Xususan, qo‘mita Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarida iqtisodiy sudlarning hal qiluv qaroriga asosan, 4ta holatda davlat soliq xizmati organlarining xatti-harakatlari qonuniyligi isbotlanganini ma'lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.
DSQ shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlaridan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi undirilishini ma'lum qilgach, tadbirkorlar e'tiroz bildira boshladi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Davlat soliq qo‘mitasining «obnalchi»larga qarshi kurash boshlagani yuzasidan Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bayon etib, qo‘mitaning xatti-harakatlarini sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish deb baholagandi.