DSQ buxorolik tadbirkorlardan soliq undiruvini bekor qilishga oid xabarga munosabat bildirdi

Iqtisodiyot 17:41 / 26.04.2021 12215

DSQ axborotida qo‘mita budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasini noqonuniy kamaytirish natijasida hosil bo‘lgan soliq qarzdorligini majburiy undiruvga qaratish choralarini ko‘rgani ta'kidlangan.

Shuningdek, unda qo‘mita xatti-harakati Soliq kodeksiga asoslangan holda soliq organlari asossiz hisobga olingan soliq miqdorlariga o‘zgartirish kiritish huquqiga egaligi ta'kidlangan.

«Soliq to‘lovchilardan (joriy yilning 1 mayiga qadar murojaat qilgan) qo‘llanilishi kerak bo‘lgan jazo choralari, ya'ni Soliq kodeksining 223 va 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqlarni to‘lamaganlik uchun belgilangan jarima chorasi qo‘llanilmagan holda aslida ularning majburiyati bo‘lgan qarzdorlik summasigina undirilgan.

Shu bilan birga, Hukumat komissiyasining topshiriqlarini bajarish maqsadida soliq idoralariga tegishli ariza bilan murojaat qilgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga (nafaqat Buxoro viloyati) soliq qarzlarini bo‘lib-bo‘lib, ya'ni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash imkoniyati berilmoqda», - deyiladi qo‘mita axborotida.

Biroq hukumat komissiyasi qarorida soliq qarzlarini bo‘lib to‘lash emas, balki DSQ viloyatdagi 907ta tadbirkorlik sub'yektlariga hisoblangan 47 milliard 133 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i undiruvini bekor qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishi nazarda tutilgan edi. Bu borada qo‘mita axborotida hech qanday ma'lumot berilmagan. DSQ hukumat komissiyasi qarori ijrosini ta'minlamayaptimi? Komissiya qarorida qaror ijrosi yuzasidan aniq takliflar bir hafta ichida hukumatga kiritilishi nazarda tutilgan edi. Komissiya yig‘ilishi 1 aprelda bo‘lib o‘tgan, nega DSQ bu borada aniq choralarni qariyb bir oydan beri ko‘rmayapti?

Kun.uz’ning shu savollariga DSQ izohi kutilmoqda.

Avvalroq Sardor Umrzoqov boshchiligidagi hukumat komissiyasi 1 aprel kuni Buxoroda yig‘ilish o‘tkazgani, unda «obnal ishi» bo‘yicha viloyatdagi 907ta tadbirkorlik sub'yekti zimmasiga yuklangan 47 milliard so‘m QQS undiruvini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilingani xabar qilingandi.

  • Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.
  • DSQ shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlaridan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi undirilishini ma'lum qilgach, tadbirkorlar e'tiroz bildira boshladi.
  • 23 fevral kuni tadbirkorlar bilan uchrashgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev QQS summasini baribir to‘lash kerakligini aytib, buning uchun 6 oylik amnistiya berilishini bildirdi.
  • Aprel oyida 8 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti 1 mayga qadar qayta hisobot topshirsa, javobgarlikka tortilmasligi ma'lum qilindi.
Ko‘proq yangiliklar: