Barqaror rivojlanish va turg‘unlik. Nega Yer yuzining barcha qismi teng taraqqiy etmagan?

Iqtisodiyot 11:03 / 25.04.2021 22453

Nima sababdan ba'zi xalqlar iqtisodiy taraqqiyot va erkin fuqarolik jamiyati qurishda katta muvaffaqiyatga erishgan-u, ammo ba'zi davlatlar bir necha yuz yildan beri qoloqlik va qashshoqlikda yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Amerikalik iqtisodchilar Daron Ajamo‘g‘li va Jyeyms Robinson o‘zlarining «Nega xalqlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi: hokimiyat, farovonlik va qashshoqlikning kelib chiqishi» (angl. Why Nations Fail: The Origins of Power, Prosperity, and Poverty) kitobida solishtirma tahlillar asosida turli davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishidagi farqlarning asosiy sababini ko‘rsatib o‘tgan.

Bir-biriga geografik jihatdan yaqin, shu bilan birga rivojlanish jihatdan turfa hududlar

Dastlab Nagoles shahri misolida bu holatni ko‘rib chiqsak. Shaharning yarmi AQShning Arizona shtatiga, qolgan qismi esa Meksika hududiga tegishli. Arizonaning yarmidagi hududda aholining o‘rtacha daromadlari 30—40 ming dollar atrofida, odamlar o‘rta maktab bitiruvchilari, yo‘llar asfaltlangan, tartib va ​​tamoyillar mavjud, aholining aksariyati 65 yoshdan oshiq umr ko‘radi. Qolgan janubiy yarmida esa o‘rtacha daromad uch baravar kamroq va qolgan hamma narsa ham xuddi shu darajada yomonroq. Bu hududlarda atrof-muhit yoki madaniyat bir xil, ammo siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar bir-biridan keskin farq qiladi. Buning asl sababi nimada?

Tarixan Meksika Ispaniya mustamlakasi bo‘lgan va mamlakatda uzoq yillar davomida quldorlik hukm surgan. Mustamlakachilikdan qolgan elita boshqaruv tizimi va ko‘pchilik uchun siyosiy huquqlar mavjud emasligi mamlakat rivojlanishi va taraqqiyotiga jiddiy ta'sir o‘tkazgan.

Mualliflar ilmiy-texnik taraqqiyot uchun jamiyat keng qatlamlarining mulk huquqlarini himoya qilish kerakligini ta'kidlaydi. O‘z o‘rnida, texnologiyalarning doimiy o‘zgarishi va takomillashuvi AQSh rivojlanishida poydevor vazifasini o‘taydi. XX asrning boshidagi AQShning mislsiz iqtisodiy taraqqiyotida ikkita jihat muhim rol o‘ynagan.

Birinchidan, dunyoning istalgan qismidagi iqtidorli va kuchli salohiyatga ega bo‘lgan ilmiy xodim adolatli patentlash tizimi va mehnatga yarasha mukofotlar sabab Qo‘shma Shtatlarga borishdan va u yerda yashashdan manfaatdor bo‘lgan.

Ikkinchidan, hukumat har qanday istiqbolli loyiha va ixtirolarni qo‘llab-quvvatlagan hamda moliyalashtirgan. Odamlarda o‘z korxonalari va innovatsiyalaridan daromad olishga kuchli motivatsiya mavjud bo‘lgan.

Amerikaning 300 yildan oshiqroq tarixi davomida siyosiy institutlarning iqtisodiy institutlar oldida, o‘z navbatida, iqtisodiy institutlarning siyosiy idoralar oldida javobgarligi har ikki tomonni keng miqyosda hamma uchun ishlashga majbur qilgan. Mamlakatdagi adolatli patentlash va ta'lim tizimi har bir fuqaroga rivojlanish va boylik imtiyozlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratgan.

Lotin Amerikasida (xususan, Meksika) diktatorlik tuzumi hukm surishi har bir fuqaroga o‘zini sinab ko‘rishga va yaxshi ishlab boy bo‘lishga to‘sqinlik qiladi (odamlar keyingi diktator topgan barcha pullarini olib qo‘yishi mumkinligidan ham qo‘rqishgan). Odamlarda yaxshi ishlashdan manfaatdorlik hissi bo‘lmagan.

Ta'kidlanishicha, monopolizm, korrupsiya va siyosiy huquqlar yo‘qligi odatiy hol bo‘lgan hozirgi qashshoq, rivojlanmagan mamlakat hech qanday ko‘rinishda taraqqiy etishi mumkin emas.

Mamlakat taraqqiyoti inklyuziv va ekstraktiv institutlarning qay darajada tashkil etilganiga bog‘liq

Mamlakatlar rivojlanishi uchun hal qiluvchi rolni institutlar – shaxslarni jamiyatda mavjud bo‘lgan qoidalarga rioya qilishga undaydigan mexanizmlar to‘plami o‘ynaydi.

Bu yerda ikki tizim o‘rtasida katta farqlar mavjud. Inklyuziv institutlar tizimi shakllangan demokratik jamiyatlar fuqarolik jamiyati uchun zarur bo‘lgan innovatsion g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Inklyuziv institutlar davlatda qonun ustuvorligi, xususiy mulk daxlsizligi, fuqarolarga foyda olish uchun iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etishlariga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligi, shaxsiy daxlsizlik tamoyillari mavjudligi bilan o‘lchanadi.

Bunday iqtisodiy institutlarning uzoq muddat mavjudligi jamiyatning keng qatlamlariga mamlakatni boshqarishda ishtirok etishga va ko‘pchilik uchun foydali qarorlar qabul qilishga imkon beradigan siyosiy infratuzilmani yaratadi. Aynan ushbu institutlar barcha zamonaviy liberal demokratik davlatlarning asosi hisoblanadi.

Ekstraktiv institutlar tizimi mamlakat rivojlanishiga xalal beruvchi birinchi omildir. Bu tizim mamlakatni boshqaradigan elita qatlam boyishiga va mamlakatda amal qilinishi zarur bo‘lgan mulk va shaxsiy huquqlar buzilishiga zamin yaratadi.

Bunday institutlar tizimi siyosiy hokimiyatni jamiyatning kichik bir qatlami egallab olib, ertami-kechmi bu kuchdan iqtisodiy kuchga ega bo‘lish, ya'ni boshqalarning mulk huquqlariga hujum qilish yo‘lida foydalanishiga olib keladi. Davlat boshqaruv tizimi monopoliya va korrupsion elementlar asosida shakllanadi. Bunday muassasalar sharoitida ishchilarda mehnat unumdorligini oshirishga hech qanday rag‘bat yo‘q, chunki qo‘shimcha daromadlarning katta qismi yoki deyarli hammasi elita tomonidan tortib olinadi.

Bu tizim har xil turdagi diktatorlik va totalitar tuzumlar, shuningdek, hokimiyatni kuch tuzilmalari yordamida boshqarishga asoslangan birlashmalarning asosiy instrumentidir.

Buni Ikkinchi jahon urushidan keyin 38-parallel bo‘ylab bo‘lingan Shimoliy va Janubiy Koreyaning bugungi holati misolida tushunish osonroq bo‘ladi. 1940-yillar oxirlarida ularning rivojlanish darajasi deyarli bir xil ko‘rinishda bo‘lgan, ammo bugungi kunda bu ikki davlatning iqtisodiyoti turli darajada rivojlangan. Janubiy Koreyaning turmush darajasi Shimoliy Koreyaga nisbatan 10 baravar yuqoriroq. Shimoliy Koreyada yashovchilarning o‘rtacha umr davomiyligi 10 yilga kamroq.

Rivojlanishdagi farqlarni institutlardan boshqa narsa bilan izohlash imkonsiz. Janubda xususiy mulk va bozorlar rag‘batlantirildi va shu tariqa sarmoyalar va iqtisodiy o‘sish oqimi paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, hukumat ta'lim sohasiga sarmoya kiritdi va ishlab chiqarish jarayoni uchun kuchli bilimga ega bo‘lgan ishchi kuchi oqimini o‘zi uchun shakllantirdi.

Shimoliy Koreyada esa xususiy mulk va bozor munosabatlari taqiqlanib, markazlashgan rejali iqtisodiyot tartibi o‘rnatilgan. Bu esa shunchaki turg‘unlikka olib keldi.

Janubiy Koreyada odamlar o‘zlarining sa'y-harakatlari uchun mukofotlanishlarini bilishadi, Shimoliy Koreyada esa biror sohaga yangilik va sarmoya kiritish uchun hech qanday rag‘bat yo‘q, chunki davlat har qanday tashabbuslarning foydasini ekspluatatsiya qiladi.

Mamlakatlar rivojlanishiga ta'sir qiluvchi boshqa omillar

Shuningdek, mualliflar xalqaro tengsizlikni tushuntiradigan muqobil variantlarni ham ko‘rsatib o‘tishadi:

Geografik omillar
Geografik joylashuv rivojlanishdagi muhim asos hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kambag‘al mamlakatlarning aksariyati ekvator yaqinida joylashgan, boylar esa mo‘'tadil kengliklarda. Tropik iqlimda joylashgan mamlakatlar tez-tez malyariyaga o‘xshash pandemik kasalliklardan aziyat chekishadi. Shuningdek, issiq iqlimning tuproq unumdorligiga ta'siri natijasida bu hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan ko‘p hosil olish imkoniyatini cheklaydi. Bundan tashqari, issiq sharoitda yashaydigan odamlar boshqalarga nisbatan dangasaroq bo‘lishadi. Bu esa janubiy hududlarda yashovchi xalqlar taraqqiyotiga ma'lum ma'noda ta'sir o‘tkazadi.

Ammo bunga qarama-qarshi ravishda iqlim sharoitlari o‘xshash, ammo turmush darajasi juda farq qiluvchi mamlakatlar (AQSh va Meksika, KXDR va Janubiy Koreya, sobiq GFR va GDR)ni ham keltirib o‘tish mumkin. Bu davlatlar o‘rtasidagi tafovut siyosiy institutlar o‘rtasidagi farqlar bilan o‘lchanadi.

Yoki bu misolga Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining taraqqiyotidagi farqlarni ham keltirish mumkin.

Madaniy va etnik omillarning ta'siri
Amerikalik iqtisodchi Devid Landis Yevropa va Shimoliy Amerikaning muvaffaqiyati yevropaliklarning ko‘p mehnat qilishi, tejamkorlik va yangilik yaratishga undaydigan madaniy munosabatlarining o‘ziga xos to‘plami bilan bog‘liq deb hisoblaydi.

Shuningdek, XVI asrda G‘arbiy Yevropada amalga oshirilgan reformatsiya jarayoni Maks Veber ta'biri bilan aytganda kapitalistik munosabatlarning «tug‘ilishi»ga zamin yaratgan. Ushbu o‘zgarish G‘arbiy Yevropadagi feodal munosabatlar va cherkovning hukmronligiga barham berib, industrial jamiyat shakllanishiga asos bo‘lgan. Shuningdek, Yevropa mamlakatlarining Shimoliy Afrikadagi kolonizatsiya siyosati bu hududning Afrikaning boshqa qismiga nisbatan taraqqiy etishiga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning rivojlanishiga asos bo‘lgan.

Umuman olganda, madaniy gipoteza ko‘plab Afrika mamlakatlarining taraqqiyotini belgilab berishda eng katta rolni o‘ynagan.

Shu bilan bir qatorda, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarining qashshoqligi islom sivilizatsiyasi bilan bog‘lanmaydi. Bu davlatlarda katta miqdorda tabiiy resurslar mavjud bo‘lsa-da, avtoritar va diktatorlik rejimlari mavjudligi, siyosiy demokratik institutlar rivojlanmagani sabab iqtisodiy jihatdan taraqqiyotda muammolar yuzaga kelgan.

Shuningdek, din, etnik tamoyillar va qadriyatlar bir xil bo‘lgan Janubiy Koreya boy va rivojlangan, Shimoliy Koreya aholisi esa tang ahvolda. Bunda asosiy o‘rinni siyosiy institutlar o‘rtasidagi farqlar belgilaydi.

Modernizatsiyalashgan omillar
Ba'zi mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyotga avtoritar rejim orqali ham erishgan. Buning yorqin misoli Xitoy hisoblanadi. Bu yerda siyosiy erkinliklar ma'lum ma'noda cheklangan bo‘lsa-da, o‘rnatilgan to‘g‘ri iqtisodiy siyosat natijasida rivojlanishda katta yutuqlarga erishildi. Ammo ba'zi davlatlar (Saudiya Arabistoni, Rossiya, Venesuela, Gabon, Ekvatorial Gvineya) taraqqiyoti xomashyo, xususan tabiiy resurslar eksportiga bog‘liq. Bu yerda jahon bozorida neft narxining ko‘tarilishi iqtisodiyotda o‘sishga olib keladi, aksincha neft narxi tushishi bilanoq, ushbu mamlakatlarning barchasida o‘sish darhol to‘xtaydi.

Zamonaviy mamlakatlarning institutsional rivojlanishidagi to‘siqlar

Mualliflar tomonidan nima sababdan O‘zbekiston rivojlanishida muammolar borligiga ham to‘xtalib o‘tilgan (asar 2012 yilda chop etilgan). Ta'kidlanishicha, mustaqillikdan keyingi davrda dehqonlar mamlakat eksportining asosiy mahsuloti — paxtani davlatga jahon narxlaridan ancha past narxlarda sotishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, bunday sharoitda dehqonlar hosildorlikni oshirish va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash uchun hech qanday rag‘batlantirilmagan. Natijada mamlakatda paxta yetishtirish jarayoniga majburiy mehnat joriy qilingan. Paxta terish mavsumining o‘quv yilida boshlanishi va  maktab bolalarining deyarli 2 oy davomida bu jarayonga jalb qilinishi mamlakatda ta'lim sifatiga jiddiy ta'sir o‘tkazgan.

Shuningdek, fermerlarga va terimchilarga mehnat evaziga qilinadigan to‘lov jahon bozoridagi narxlarga nisbatan bir necha barobar kam bo‘lgani ularda mehnat qilishga nisbatan ishtiyoqni yo‘q qilib yuborgan. Fermer ko‘proq mehnat qilib, foyda olish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy qilishdan manfaatdor bo‘lmagan. Ishlab chiqarish jarayonida umumiy manfaatdorlikning yo‘qligi taraqqiyot jarayonida jiddiy to‘siqqa aylangan.

Yoki Lotin Amerikasi mamlakatlari rivojlanishidagi to‘siqlarni tushuntirish uchun Kolumbiyada Alvaro Uribe davridagi noqonuniy qurolli guruhlar bilan tuzilgan shartnomalar orqali saylovlarda g‘alaba qozonish, Xuan Peron davridan beri amal qilib kelinadigan Argentinadagi saylovlarni soxtalashtirish, prezident Karlos Menem hukumati davridagi prezidentlik muddati tugashi va qayta saylanishidagi cheklovlar sabab konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi kabi misollarni keltirish mumkin. Bularning barchasi jamiyatlarning yetakchilar tomonidan qabul qilingan qarorlarga ta'sirining juda zaif ekanini ko‘rsatuvchi misollardir.

Xulosa o‘rnida

Mualliflar ekstraktiv institutlar orqali o‘sishga erishish mumkinligi bo‘yicha ham misollar keltirgan. Xususan, misol sifatida sobiq sovet ittifoqini ko‘rsatish mumkin. 1928—1970 yillarda ittifoq iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Davlat mehnat resurslarining katta qismini samarasi past bo‘lgan qishloq xo‘jaligidan olib, sanoatga yo‘naltirdi. Siyosiy kuchlarning to‘liq markazlashgani va ilmiy texnologiyalarga yetarli miqdorda mablag‘ sarflanmagani keyingi taraqqiyotni to‘xtatib qo‘ygan, ya'ni ekstraktiv institutlar ham taraqqiyotga sabab bo‘lishi mumkin, lekin uning natijasi barqaror emas.

Ta'kidlanishicha, rivojlanishning eng birinchi asosi ta'lim va texnologiyadir. Fuqarolarning o‘zi inklyuziv siyosiy institutlarni yaratishi kerak va shunda ular jamiyatni boshqarishda ishtirok eta olishadi. Monopoliyalar mamlakat markazlashuvi va taraqqiyotidagi eng katta to‘siqdir.

Ba'zi mamlakatlarning yuqori farovonlikka, barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishi, boshqa davlatlarning esa turg‘unlik va qoloqlik holatida qolishi shu davlatlarda amal qilayotgan siyosiy-iqtisodiy institutlarga bog‘liq.

«Bizning erkinligimiz huquqlarimizga nisbatan hech qanday tahdidlarning mavjud emasligidadir». (Daron Ajamo‘g‘li, Tashkent law spring xalqaro forumidagi nutqidan)

Ko‘proq yangiliklar: