O‘zbekistonda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Kun.uz qonundagi yangiliklar yuzasidan Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Sarvar Nazarov va vazirlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Umarov bilan intervyu tashkil etdi.
— Dastlab qonunni yangi tahrirda qabul qilishning zaruriyati haqida gaplashsak. Avvalgi qonun bundan 3 yil ilgari qabul qilingandi. Davlat xaridlari tizimidagi qonunchilikni yangilashga nima sabab bo‘ldi?
Sarvar Nazarov: — Qonunni ishlab chiqish prezident farmoni bilan amalga oshirildi. Bu vazifa Moliya vazirligiga yuklatilgandi. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, shu bilan birga, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tashkil qildik. Hujjatning yangi tahririni tayyorlashda davlat xaridlarida ishtirok etadigan vazirlik va idoralar vakillari ham qatnashdi.
Bundan 3 yil oldin qabul qilingan qonun normativ hujjatlarni birlashtirishga qaratilgandi. Lekin iqtisodiyot rivojlanishi, shaffoflik oshirilishiga bo‘lgan talab va axborot texnologiyalari o‘rni o‘zgarib borayotgani natijasida bugungi zamonda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunni yangilashga ehtiyoj tug‘ildi.
Bunda asosiy o‘zgarishlar axborot texnologiyalarini rivojlantirish va korrupsiyaning oldini olishga qaratildi.
Davlat buyurtmachilarining (budjet va korporativ tashkilotlar) davlat xaridlari tizimida xaridlarni soddalashtirilgan tartibda amalga oshirishlariga urg‘u berildi. Ularga osonroq va tezroq xarid qilish uchun imkoniyat yaratildi. Qonunga 50 foizdan ziyod o‘zgartirishlar kiritildi.
— Bevosita qonundagi asosiy o‘zgarishlarga to‘xtalsak. Hujjatga nima o‘zgartirishlar va yangiliklar kiritildi?
Jasur Umarov: — Yangi qonun 12ta bob, 85ta moddadan iborat. Hujjatda davlat buyurtmachilari va tadbirkorlik sub'yektlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
2020 yilda 124 trln so‘mdan ko‘p davlat xaridlari amalga oshirilgan bo‘lsa, shuning 30 foizi strategik ahamiyatga ega korxonalar ulushiga to‘g‘ri keladi. Yangi tahrirdagi qonun bilan strategik ahamiyatga ega korxonalar ham davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun talablari bilan xaridlarni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.
Ustavida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan hamda davlat korxonalari va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalar ulushining yig‘indisi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar korporativ buyurtmachilar ro‘yxatiga kiritilmoqda.
Qonun bilan tizimni raqamlashtirish maqsadida davlat xaridlarining barcha turlari elektron shaklda amalga oshirilishiga katta e'tibor qaratildi.
Tanlov, tender savdolarini ham to‘liq elektron shaklda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yana bir muhim jihati, davlat xaridlarida ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazoratini ta'minlashga juda katta e'tibor berilgan.
Ushbu qonun bilan davlat xaridlarida ishtirok etadigan tadbirkorlik sub'yektlarining ta'sischisi kim, benefitsiar mulkdori kimligini bevosita ochiqlash orqali keng jamoatchilikka yetkaziladi.
Xaridlarni amalga oshirishda rejalashtirishdan tortib, oxirida shartnoma tuzib, tovarlarni yetkazib berganlik bo‘yicha barcha ma'lumotlarni maxsus axborot portalida joylashtirish ko‘zda tutilgan.
— Davlat xaridlari – 12 mlrd dollarlik bozor. Ayrim davlat tashkilotlari noqonuniy bitimlar evaziga davlat budjetidagi mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari ko‘p uchrayapti. Yangi qonun bilan mazkur tizimdagi shaffoflik qanday ta'minlanadi?
Sarvar Nazarov: — Ilgarigi qonunda 5ta xarid turi mavjud bo‘lgan edi. Ya'ni elektron do‘kon, auksion, tanlov, tender va yagona yetkazib beruvchi bilan tuziladigan shartnomalarga bo‘lingan edi.
O‘sha paytda faqatgina elektron do‘kon va auksion elektronlashtirilgan. Endilikda barchasi to‘liq elektronlashtirildi. Har bir tadbirkor takliflari tizimda turadi, u o‘zi baholab, g‘olibni ham aniqlab beradi. Bu o‘z-o‘zidan xarid qilish tartibi ochiqligi ta'minlanishiga olib keladi.
Keyingi yo‘nalishlardan biri Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan alohida davlat xaridlari bo‘yicha markazlashgan axborot portali yaratish ustida ishlayapmiz.
Bu har bir jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘ziga kerakli ma'lumotlarni olish imkonini beradi. Mo‘ynoqdami, Tomdi tumanidami, qanaqa xaridlar qilinyapti, budjet tashkiloti qancha mablag‘ sarflayapti va nimalar xarid qildi, hammasi ochiq bo‘ladi.
Agar ochiq bo‘lsa, jamoatchilik va organlar tomonidan shaffoflik ta'minlanadi. O‘sha budjet tashkilotlari ham xaridlarni o‘ylab amalga oshiradi.
— Yangi tahrirdagi qonun bilan davlat xaridlaridagi budjet xarajatlarini qisqartirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tilganmi?
Sarvar Nazarov: — Buning uchun davlat xaridlarida tadbirkorlik sub'yektlarining ko‘proq qatnashishi masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Hozirgi kunda davlat xaridlarida atigi 4 foiz kichik biznes sub'yektlari qatnashyapti. Bu juda past ko‘rsatkich. Ya'ni ko‘pchilik tadbirkor bu tizimni bilmaydi yoki bilsa ham qatnashgisi kelmaydi. Ba'zilar korrupsiya bor, deb o‘ylab qiziqish bildirmaydi.
Lekin hamma ma'lumotlar ochiq bo‘lganidan keyin tadbirkorda davlat xaridiga kirishga xohish bo‘ladi. Ya'ni birinchi navbatda o‘zi ishlab chiqargan tovarlarini bozorda sotish uchun tayyor tizim turgan bo‘ladi. Unga kirib, ishlab chiqarayotgan mahsulotini reklama qilishi ham mumkin. Xaridlarda qatnashib, o‘z mahsulotini sotishi ham mumkin. Shunday imkoniyat yaratiladi.
Hozirda biz hududlarga chiqib tadbirkorlarni davlat xaridlarida qatnashishlari uchun targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz. Talabgorlar ko‘payganidan keyin budjetdan ajratilgan mablag‘ iqtisod qilinadi. Natijada qo‘shimcha mahsulotlar xarid qilish yoki moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mablag‘ ortadi. Bu tizim mablag‘larni tejashga olib keladi.
— Yuqorida 24ta strategik tashkilot xaridlari ham ochiq tarzda amalga oshirilishini aytdingiz. Bu bo‘yicha qanday tartib yo‘lga qo‘yiladi?
Jasur Umarov: — Strategik ahamiyatga ega korxonalar yangi qonun talabi bo‘yicha korporativ xaridlarni amalga oshiradi. Bunda xaridlarning turlari va mezonlari belgilangan.
Buyurtmachi nimalar xarid qilishini elektron portalga choraklik yoki yillik rejasini oldindan joylashtiradi.
Tadbirkorlik sub'yekti ham qaysi tovar sotib olinishi rejalashtirilganini oldindan bilgan holda, ishlab chiqarishini o‘shanga qarab muvofiqlashtirib boradi. Strategik korxonalar ham o‘zlari xarid qilmoqchi bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini ochiq portalga joylashtiradi.
Sarvar Nazarov: — Avval strategik korxonalar uchun alohida qaror bo‘lgan va o‘sha hujjat asosida xaridlar amalga oshirilgan. Endi xaridlar yangi qonun asosida olib boriladi. Ularning xarid qilish tartiblari soddalashtirildi. Muddatlar va summalar qisqartirildi.
Budjet tashkilotlarining ham to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar qilishiga imkoniyat yaratildi. Strategik me'yorlar belgilandi.
— Qonun bilan davlat tashkilotlari va tadbirkorlarga xaridlarda qanday yengilliklar beriladi?
Jasur Umarov: — Tezkor va kutib bo‘lmaydigan holatlarda xaridlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Eng yaxshi takliflarni tanlash yangi tur sifatida qo‘shildi.
Qonun bilan xarid turini tanlash imkoniyati yaratiladi. Ya'ni budjet tashkilotlari BHMning 6 ming barobaridan yuqori narxdagi xaridlarni tender savdolari asosida amalga oshiradi.
Elektron do‘kon turidagi savdolar esa BHMning 2 500 barobari qilib belgilandi. Tashkilot shungacha bo‘lgan xaridlarni 3 ta turidan birini o‘zi tanlaydi. Xohlasa auksionda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xaridlarni amalga oshiradi yoki elektron do‘kon orqali xaridlarni amalga oshirish mumkin.
Muddatlari qisqartirildi, ixchamlashtirildi. Bundan tashqari, eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xaridlarni amalga oshirishda Xarid komissiyasi takliflarni ko‘rib chiqib baholaganidan keyin shartnoma tuzishdan oldin ikki kun muddatga xalq muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilyapti.
Hech qanday e'tiroz yoki takliflar kelib tushmagan holdagina shartnoma tuzish imkoniyati yaratib berilyapti.
Tadbirkorlarga ofisdan turib tovarlarini elektron portal orqali yetkazib berish, sotish imkoniyati yaratilyapti.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov.