Senatning budjet va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qo‘mita raisi Erkin Gadoyev bank tizimidagi salbiy holatlar kuchayishining oldini olish hamda tijorat banklarida likvidlilik ko‘rsatkichlarini mustahkamlash, to‘lovlar uzluksizligini ta'minlab borish maqsadida bir nechta choralar ko‘rilishini ta'kidladi. Xususan:
- banklarda mijozlar oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish hamda iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga banklarning bardoshliligini oshirish uchun har bir bankda bosqichma-bosqich pul mablag‘lari zaxiralarini shakllantirish;
- banklar tomonidan korporativ kreditlarni ajratishda ehtiyotkor kredit siyosatini yuritish, shu jumladan, faqatgina aniq moliyalashtirish manbalariga ega mijozlarga kredit ajratish choralari ko‘rilishi;
- ajratilgan kreditlarni ustuvor ravishda avval berilgan kreditlarning qaytishi hisobidan amalga oshirish orqali kredit qo‘yilmalari o‘sishining YaIM nominal o‘sishi doirasida shakllanishini ta'minlash;
- banklar tomonidan 2020 yil yakunlari bo‘yicha olingan sof foydani banklar kapitalini oshirishga yo‘naltirish orqali banklarning kapital buferini maqbul darajada saqlab qolishga sharoit yaratish;
- loyihalarni moliyalashtirishda ularning samaradorligi, qo‘shimcha qiymat va yangi ishchi o‘rinlari yaratish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratgan holda loyiha tashabbuskorlarining kamida 30 foiz o‘z mablag‘i bilan ishtirok etish bo‘yicha o‘rnatilgan talabga qat'iy rioya etilishiga erishish;
- kreditlash hajmini banklarning moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda ularning yillik biznes-rejalarida belgilab olish hamda bank kengashlari tomonidan biznes-reja parametrlarining bajarilishini qat'iy nazoratga olish kabi makroprudensial choralarni ko‘rish;
Shuningdek, qo‘mita raisi tijorat banklari xorijiy valutada mablag‘lar jalb qilishda ehtiyotkor siyosat yuritishi hamda kreditlashning asosiy qismini milliy valutada amalga oshirish choralarini ko‘rish zarurligini ta'kidladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Avvalroq, Markaziy bank raisi imtiyozli kreditlar korrupsiya holatlarini oshirishini ta'kidlagani xabar qilingan edi.