Toshkentdagi Anhor kanalidan jasad topildi. O‘lim sababi hozircha noma'lum

Jamiyat 18:47 / 21.04.2021 12137

«Hamkasbim Gulyuz opa bilan sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, tushlik vaqtida Anhor bo‘ylab sayr qilishga harakat qilamiz. Bugun navbatdagi sayr davomida suvda oqib ketayotgan inson jasadini ko‘rib qoldik. Avvaliga ko‘zimizga ishonmadik, lekin bunga amin bo‘lgach, xayolimizga kelgan ilk qaror Favqulodda vaziyatlar vazirligining 1050 Qutqaruv xizmatiga murojaat qilish bo‘ldi. Ularga qo‘ng‘iroq qilib jasad anhorning qaysi joyida ekanligini amallab tushuntirdik.

Eng hayratlanarli tomoni Qutqaruv xizmatidagilar bizni GPS orqali topib, zudlik bilan yordamga oshiqishdi. Yarim soat davom etgan jasadni ko‘zdan yo‘qotmaslik jarayonida xayolimizga kelgan yagona o‘y – bu inson kimningdir oila a'zosi, kimningdir otasi, turmush o‘rtog‘i va farzandi ekanligi va uning bu ahvolda ekanligini hali ular bilmasligida bo‘ldi», deb yozadi Laylo Rustamova Facebook’dagi sahifasida.

«Voqea joyiga yetib borgan Shayxontohur tumani prokurori rahbarligidagi tezkor tergov guruh tomonidan murdani ko‘zdan kechirish jarayonida unda kuch ishlatish holatlari va tan-jarohatlari aniqlanmagan.

Marhumning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov tomonidan berilgan bayonotda.

Qayd etilishicha, surishtiruv harakatlari davomida joriy yil 21 aprel kuni qo‘l barmoq izlarini tekshirish orqali murdaning shaxsi aniqlangan. Jasaddan olingan barmoq izlari Yunusobod tumanida yashagan 42 yashar erkakka tegishli ekani aniqlangan.

Avvalroq Namanganda maktab o‘quvchisi bo‘lgan qizning jasadi kanaldan topilgani, uni kelinoyisi suvga itarib yuborgani gumon qilinayotgani, Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgan 16 yoshli yigitning jasadi 2,5 oydan so‘ng topilgani, Qibrayda sayohat jomadonidan erkak kishining jasadi topilgani xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: