Avvalroq onlayn auksiondan ko‘chmas mulk sotib olib, Jizzaxdagi sudyalarning mantiqsiz qarorlari sabab muammolar girdobiga kirib qolgan tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaning huquqlari Oliy sudda tiklangan bo‘lishiga qaramay, Jizzaxdagi sudlarda navbatdagi «ko‘zbo‘yamachiliklar» boshlangani haqida yozilgandi.
Xususan, maqolada bino nizoli bo‘lib turgani hamda uning Rustam Ahatovga sotilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan bo‘lishiga qaramay, FIB Jizzax tumanlararo sudi 2021 yil 19 yanvar kuni ushbu da'vo arizasini qisman qanoatlantirib, javobgarga binoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqargani, bundan norozi bo‘lgan Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi nizoli bo‘lib turgan binoni ayni vaqtda Rustam Ahatov nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish imkonsizligi tufayli ushbu hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati keltirgani, biroq viloyat sudi ham 2021 yil 4 mart kungi ajrimi bilan yuqoridagi hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgani to‘g‘risida so‘z yuritilgan.
Shuningdek, bu yerda eng e'tiborli jihat – Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2021 yil 16 fevraldagi ajrimida auksion g‘oliblik bayonnomasini rasmiylashtirishda qonun talablari buzilgani holatlari mavjud emas, deyilgan va bu ajrim FIB Jizzax viloyat sudiga taqdim etilgan bo‘lsa-da, viloyat sudi o‘z bilganidan qolmay, Oliy sud tomonidan chiqarilgan ajrimning mazmuniga zid bo‘lgan qaror qabul qilganiga alohida urg‘u berilgan.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu voqealardan keyin Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi FIB Jizzax tumanlararo sudining 2021 yil 19 yanvar kungi hal qiluv qarorini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rishni so‘rab shu sudga ariza beradi.
2021 yil 19 mart kuni sud ajrim chiqarib, Oliy sudning 2021 yil 16 fevraldagi ajrimiga asosan arizani qanoatlantiradi, ya'ni yuqoridagi hal qiluv qarorini bekor qiladi va ishni qayta ko‘rishga tayinlaydi.
FIB Jizzax tumanlararo sudi ishni qayta ko‘rib, 2021 yil 29 mart kungi yangi hal qiluv qarori bilan da'vogar Rustam Ahatovning javobgar Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasiga nisbatan noturar joy binosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklash haqidagi da'vo arizasini qanoatlantirishni rad etadi.
Qiziq tomoni, avvalgi safar binoning nizoli bo‘lib turgani hamda uning Qosimjon Husanov tomonidan Rustam Ahatovga sotilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani faktiga ko‘z yumib, bino Rustam Ahatovga rasmiylashtirilishi kerak, degan qarorga kelgan xuddi shu sud bu safar qaror chiqarishda ushbu faktlarni ham inobatga olibdi.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, sud adolatli qaror chiqarishi uchun Oliy sudning 2021 yil 16 fevraldagi ajrimi chiqqan bo‘lishi shart emas edi. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketayotganining o‘zi Rustam Ahatov foydasiga qaror chiqarib bo‘lmasligiga katta signal edi.
Ammo bu na birinchi va na apellyatsiya instansiya tomonidan o‘ylab ko‘rilmadi. Darvoqe, FIB Jizzax viloyat sudi ishni ko‘rayotganida Oliy sud ajrimi mavjud edi va sud bu faktni ham ko‘rib chiqishni istamadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, mazkur ishni ko‘rgan har ikki instansiyadagi sudyalar ish bo‘yicha haqiqatni qaror toptirishni xohlamagani sababli tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaning sarsonchiligiga sarsonchilik qo‘shildi va avvalgi qarorni yangi ochilgan holat bo‘yicha bekor qilish ularning aybini yuva olmaydi. Zero, Oliy sud ajrimisiz ham adolatli qaror chiqarish uchun yetarlicha asoslar mavjud edi.
Sudyalar oliy kengashi ish yuzasidan chiqarilgan sud qarorlari hozirda kuchda ekani, unga faqat Oliy sud huquqiy baho berish vakolatiga egaligi, mavjud holatdan kelib chiqib, nizo Oliy sudda ko‘rib chiqilganidan keyingina uning natijasiga qarab ishni ko‘rib chiqqan sudya(lar)ning xatti-harakatlari masalasida o‘z nuqtayi nazarini bildirishi mumkinligini ma'lum qilgandi.
Guvohi bo‘lganimizdek, yakunda Gyunel Aliyeva ishi doirasida sudyalar nohaq bo‘lib chiqdi. Shu bois endi Sudyalar oliy kengashidan mavjud vaziyat va kim haq, kim nohaqligini ko‘rib turib g‘ayriqonuniy qaror va ajrimlar chiqargan sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilishiga umid bildirib qolamiz.
Abbos Salaydinov