Aprel oyida paxta yog‘i narxi keskin qimmatlaganiga undan avval kungaboqar yog‘i narxi oshgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Respublika tovar xom-ashyo birjasi AJ Bosh makleri Islombek Ibragimov 20 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
«Paxta yog‘i narxining oshishi albatta chigit narxi va hajmiga bog‘liq, chunki paxta yog‘ining asosiy xomashyosi paxta chigiti hisoblanadi. Bugungi kunda chigit klaster va korporatsiyalar tomonidan birjaga qo‘yiladi. Chet elda kungaboqar yog‘i narxi oshgani sababli paxta yog‘iga bo‘lgan talab ham oshdi. Paxta yog‘i narxi past edi, biroq kungaboqar iste'mol qiladigan iste'molchilar paxta yog‘i iste'mol qilishni boshlashi bilan uning narxi ham qimmatladi.
Talab ortgandan keyin ishlab chiqarish ham ko‘paygan, xomashyo yetarli darajada bo‘lmagani uchun chigitga mos tarzda paxta yog‘i narxi ham oshdi»,- dedi u.
Shuningdek, u nima sababdan kungaboqar yog‘i ochiq savdoga chiqarilmayotganiga ham izoh berdi.
«O‘zimizda importdan kelgan xomashyo hisobiga xususiy korxonalar tomonidan kam miqdorda kungaboqar yog‘i ishlab chiqariladi. Umuman sotilmaydi desangiz ham noto‘g‘ri bo‘ladi, kam miqdorda kungaboqar yog‘i ochiq savdoga chiqariladi. Xususiy korxonalar qanaqa sotish tartibini ma'qul ko‘rsa, shu orqali sotadi. Bugungi kunda ko‘pchilik xususiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri bozorga olib chiqib sotmoqda. Biroq ayni paytda birja o‘simlik yog‘ining birja savdolariga qo‘yilishi bo‘yicha xorijiy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish ishlarini olib bormoqda», - dedi u.
Avvalroq, moliyachi Otabek Bakirov davlat xaridlari sifatida sotib olishga taqiq qo‘yilgan import tovarlar ro‘yxatidan o‘simlik yog‘i chiqarilmasa, narx oshishi to‘xtamasligini ta'kidlagan edi. Shuningdek, u bunday sharoitda bir necha tezkor choralar ko‘rishga chaqirgan edi.
Shuningdek, Kun.uz O‘zbekistonda birinchi chorakda kungaboqar yog‘i, aprel oyida esa paxta yog‘i keskin oshgani borasida tahliliy maqolalar e'lon qilgandi.