Qashqadaryo viloyati Koson tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan shu tumanda yashovchi iste'molchi «gardaniga ilingan» qariyb 9,5 million so‘m asossiz qarz o‘chirilgan. Bu haqda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi fuqaro B.Mahmatmurodov tomonidan murojaat kelib tushgan. Unda ma'lum qilinishicha, iste'molchi 2015 yilda dala maydoniga Se 303 rusumli suv nasosi o‘rnatgan. To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelishiga qaramasdan unga Koson tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 9 million 443 ming so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan. Iste'molchi o‘z arizasida ushbu qarzdorlikka Koson TETK xodimlarining mas'uliyatsizligi sabab bo‘lganini bildirgan.
Federatsiya xodimlari tomonidan ushbu murojaat o‘rganilganda, noreal qarzdorlik 2019 yildan buyon mavjud bo‘lib hanuzgacha bartaraf etilmagan aniqlangan. Ushbu qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan MIB xodimlari va elektr taminoti mas'ullari xulosa qilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik dasturdan o‘chirilmagan.
Shundan so‘ng, mazkur qarzdorlik bo‘yicha Federatsiya xodimlari tomonidan Koson tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan. Sud tomonlarning vajlarini o‘rganib chiqib, 3 yildan beri iste'molchining bo‘ynida turgan 9 million 443 ming so‘m mablag‘ni asossiz qarzdorlik deb topgan va dasturdan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilgan.