«Biz to‘g‘ri yo‘lni tanladik» - Abdug‘affor Qirg‘izboyev O‘zbekiston lotin yozuviga to‘liq o‘tayotganini izohladi

O‘zbekiston 23:44 / 20.04.2021 9909

Bu o‘tish jarayoni oson bo‘lmasligi kundek ravshan. Oldinda ko‘rinib turgan qiyinchiliklar talaygina. Kirillda savod chiqargan katta avlodni ish yuritishda lotin yozuviga o‘rgatish ana shu qiyinchiliklardan biri.

Ta'kidlash kerak, yozuv islohotini va uning nega kerakligini tushunmayotganlar yetarlicha topiladi. Kun.uz muxbiri lotin yozuviga o‘tish zarurati haqidagi savollarga Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyevdan javob oldi.

Yozuv islohoti zarurati, xarajatlar va takomillashishi kerak bo‘lgan alifbo

— Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishning mazmun-mohiyati haqida avvalgi chiqishlarimda ham ko‘p gapirganman. Avvalo, buni davr taqozo qilyapti.

Qo‘shni davlatlar ham bu yozuvga o‘tdi, o‘tyapti. Biz buning xulosasini qildik. Xulosaki, hukumat qarori qabul qilinib, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 2023 yildan boshlab lotin yozuviga to‘liq o‘tib bo‘lamiz.

Lotin yozuviga to‘liq o‘tish yo‘lida ketadigan xarajatlar masalasiga kelsak, qo‘rqadigan narsaning o‘zi yo‘q. Chunki o‘zbek maktablarida 1995 yildan boshlab lotin yozuvida dars mashg‘ulotlari olib borilyapti. Maktabgacha ta'lim tizimida ham.

Bugun O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘prog‘i lotin yozuvida o‘qiganlar. Ular bu yozuvni mukammal bilishadi.

Ikkinchidan, o‘zbek OAVlari ham bu jarayonga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘rib o‘tyapti.

Tarixda bu yozuvga butun jamiyatlar o‘tgan. Nima bo‘libdi? Biz ham o‘tamiz.

Biz taraqqiyotimiz uchun mana shu yozuvga o‘tar ekanmiz, siz aytganingizdek, joylarda bu yozuvning targ‘ibotini kuchaytirishimiz kerak. Ikkinchidan, katta yoshdagi ayrim insonlar bu yozuvni yaxshi bilmaydi. Biz shuning uchun ham 14ta hududda bu yozuvni o‘rgatish markazlarini ochdik.

Hozirda bu markazlarda yoshi kattalar, tashkilot xodimlari o‘qitilyapti. 

To‘g‘ri, bu yozuvga to‘liq o‘tish uchun bizda 1,5 yil vaqt qoldi, lekin shu 1,5 yil ichida biz juda ko‘p ishlarni qilishimiz kerak. Avvalo, bunga muhit, sharoit yaratilishi kerak.

Uchinchidan, davlat tashkilotlari xodimlarini lotin yozuvida ishlashga, hujjat yuritishga o‘rgatishimiz kerak.

Amaldagi alifbomizda o‘zgarayotgan to‘rtta harfga kelsak, bu faqat alifboni takomillashtirish uchun qilinyapti.

Biz bugun raqamli iqtisodiyotga o‘tyapmiz, kompyuter texnologiyalari rivojlanib boryapti. Tilimizni kompyuter tiliga aylantirish uchun murakkabliklardan qochib, xalqimizga yengil bo‘ladigan, oson alifbo chiqarishimiz kerak.

Bunda pashshadan fil yasash kerak emas. Ortiqcha xavotir qilish ham kerak emas.

Ayrimlar darsliklarni aytyapti. Lekin bizda darsliklar shusiz ham har ikki yilda almashadi.

Ozarboyjon, Turkmaniston bu yozuvga o‘tdi, Qozog‘iston tayyorgarlik ko‘ryapti. O‘ylaymanki, biz ham, xalqimiz to‘g‘ri yo‘lni tanladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: