Yo‘l harakati qoidasini 36 marta buzgan dang‘aralik salkam 24 mln so‘m jarima to‘ladi

Jamiyat 20:14 / 19.04.2021 7257

Majburiy ijro byurosining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi shaxs «Lacetti» rusumli transport vositasini boshqarish jarayonida 2020 yil yanvar oyidan 2021 yil mart oyiga qadar yo‘l harakati qoidasini 36 marta buzgani aniqlangan. Ijro hujjatlari tahlil qilinganda haydovchi 33 marta tezlikni oshirgani (shundan 5tasi 2 mln 7 ming so‘m, 13tasi 1 mln 115 ming so‘m, 15tasi 223 ming so‘mlik jarimalar) hamda 3tasi boshqa turdagi qoidabuzarlik ekani ma'lum bo‘lgan.

MIB axborot xizmatining qayd etishicha, ushbu ijro hujjatlari 10tagacha borib yetmasdan, qarzdor jarimalarni o‘z vaqtida to‘lash haqida ogohlantirilgan. Biroq keyinchalik uning o‘zini ham, transport vositasini ham topishning imkoni bo‘lmagan.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 14 aprel kuni MIB davlat ijrochilari tomonidan yo‘l-patrul xizmati inspektorlari bilan o‘zaro hamkorlikda olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdor boshqaruvidagi «Lacetti» avtomobili Farg‘ona shahrida ushlanib, jarima maydonchasiga olib kirilgan. Qarzdordan 36ta ijro hujjati bo‘yicha 23 mln 850 ming so‘m jarima to‘liq undirib olingan, shuningdek, u ijro hujjatlari ijrosini ta'minlashdan uzrsiz bo‘yin tovlagani sababli ma'muriy javobgarlikka ham tortilgan.

Ko‘proq yangiliklar: