Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanida uchta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda ikki kishi vafot etgan. Yana ikki kishi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bu haqda vilot IIB YHXB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 18 apreldan 19 aprelga o‘tar kechasi soat 00:30 larda M39 Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sirdaryo viloyati Oq oltin tumani hududidan o‘tuvchi 918 kilometrida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Mazkur yo‘lda harakatlanib kelayotgan «Isuzi» yuk mashinasi ortidan kelayotgan mashinaga yo‘l berish uchun yo‘lning o‘ng tarafiga o‘tgan va yo‘l chetida to‘xtab turgan «Neksiya» mashinasini urib yuborgan. Natijada, «Neksiya» o‘zidan biroz oldinda to‘xtab turgan «ZIL» yuk mashinasiga borib urilgan.
Oqibatda «Neksiya» ichida bo‘lgan ikki nafar shaxs hodisa yuz bergan joyning o‘zida halok bo‘lgan. «Neksiya»da bo‘lgan yana ikki nafar shaxs og‘ir tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Surishtiruvda ma'lum bo‘lishicha, ortidan kelayotgan mashinaga yo‘l bermoqchi bo‘lib o‘ng tarafga o‘tgan «Isuzi» yuk mashinasi haydovchisi ehtiyotsizlik bilan qaltis harakat qilgan.