Qashqadaryoda attestatsiyadan o‘tolmagan 259 nafar kadastr agentligi rahbar va mutaxassis xodimi ishdan bo‘shatildi

Jamiyat 21:49 / 19.04.2021 5871

Qashqadaryo viloyatida attestatsiyadan o‘tolmagan 259 nafar kadastr agentligi hamda davlat kadastrlari palatasining rahbar va mutaxassis xodimi ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda viloyat davlat kadastrlari palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 25 mart – 1 aprel kunlari Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari Palatasining Qashqadaryo viloyat va tuman-shahar bo‘limining rahbar va mutaxassis xodimlari navbatdan tashqari attestatsiya sinovidan o‘tkazilgan.

Attestatsiya natijalariga ko‘ra, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining jami 259 nafar rahbar va mutaxassis xodimi o‘z vazifasiga noloyiq deb topilib, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Xabarda keltirilishicha, ayrim hollarda ishdan bo‘shatilgan xodimlar tomonidan firibgarlik yo‘li bilan go‘yoki o‘zini kadastr sohasida ishlayotgan xodim qilib ko‘rsatib, yer ajratish va kadastr hujjatlarini tayyorlashda korrupsion holatlar uchrab turibdi. Shu sababli boshqarma fuqarolarni ogohlikka chaqirgan.

«Sizga murojaat etgan har bir kadastr tizimi xodimining birinchi navbatda xizmat guvohnomasini talab etishingizni so‘raymiz. Xizmat guvohnomasini taqdim eta olmagan xodim bilingki, bu kadastr tizimi xodimi emas, balki firibgar bo‘lishi mumkin.

Bunday holatlar aniqlangan taqdirda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasining 75 227-81-95 va 75 227-50-25 raqamli «Ishonch» telefon raqamlariga murojaat etishingizni so‘raymiz», – deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: