«Bugun, 19 aprel kuni yurtimiz bo‘ylab 2-10 yoshdagi (jami 6 million 115 ming nafardan ortiq) bolalar hamda zararlanish yuqori bo‘lgan hududlar (Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi)dagi maktablarda 15 yoshgacha (jami 445 ming nafardan ortiq) maktab o‘quvchilari orasida ichak gelmintozi bilan kasallanishning oldini olish bo‘yicha ommaviy tadbirlar boshlandi.
Ushbu tadbirlarning 1-turi joriy yilning 19–24 aprel kunlari davom etadi», deyiladi SSV xabarida.
Ma'lumot uchun, gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o‘zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko‘radi.
Bugungi kunda bunday zararkunandalarning 250ga yaqin turi aniqlangan bo‘lib, shulardan 9 xili bolalarda uchraydi. Agar kasallik kuzatilsa:
- bolaning qorni og‘riydi,
- ishtahasi buziladi,
- asabiylashadi,
- jizzaki bo‘lib qoladi,
- uyqusida tishlarini g‘ichirlatadi.
Parazit inson organizmida 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo‘yadi. Ularning xavfliligi shundaki, tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki a'zolar va tizimlarni shikastlaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati taqsimotiga ko‘ra, maxsus dori vositalari ommaviy degelmintizatsiyaning 1-turini tashkillashtirish uchun hududlarga yetkazib berildi.
«Bolalar preparatlarni bog‘cha va maktablarda qabul qilmoqdalar, shuningdek, uyda tarbiyalanayotganlarga esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan tashkil qilingan guruhlar mahallabay tarzda uyma-uy yurib, maxsus dori vositalarini tarqatmoqda.
Ommaviy degelmintizatsiya tadbirlari prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2020 yil 10 noyabrdagi «Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi asosida tashkil qilinmoqda», deyiladi xabarda.
Ommaviy degelmintizatsiya tadbirlarining 2-turi 6 oydan so‘ng tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.