Futbolda yangi davr. Asr «blefi»mi yoki Superliga loyihasi amalga oshadimi?

Sport 11:24 / 19.04.2021 26331

Dunyoning eng boy va kuchli 12 klubi Superliga tuzishayotgani haqida rasman e'lon qilishdi. Bu loyiha bir necha yildan beri mavjud bo‘lsa-da, bir qator sabablar, xususan, UYeFAning ba'zi qarorlari, top-klublarning daromadlarni kichik klublar bilan bo‘lishishni istamayotganliklari uni kun tartibiga chiqardi. Pandemiya davridagi moliyaviy zarbalar esa loyihaning tezlashishiga asosiy sabab bo‘ldi.

Turnir haqida rasman e'lon qilinishini oldindan sezgan UYeFA «qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar» qabilida ertaroq o‘z pozitsiyasini e'lon qildi – ushbu loyihaga qatnashuvchi klublar milliy chempionatlardan ham chiqarib yuborilishi va futbolchilar hatto milliy terma jamoalar safida ham maydonga tushish huquqidan mahrum qilinishi haqida ogohlantirdi.

Bu urinish ta'sir qilmadi, Florentino Peres boshchiligidagi turnir tashkilotchilari Superliga mana shu yil avgustidayoq start olishi haqida bayonot berdi. Ortidan klublar ham rasman buni tasdiqlay boshladi.

UYeFA esa navbatdagi zarbasini berdi: Joriy YeChL va YeL musobaqalari to‘xtatiladi. Masala yuzasidan tezkor majlis chaqirilib, «isyonkor klublar»ni hozir bo‘lib o‘tayotgan yevrokuboklardan diskvalifikatsiya qilish chorasi ko‘rilishi ham mumkin. Hatto Superliganing har bir klubini 50-60 milliard yevrolik sud da'vosi kutmoqda.

Juda ko‘p manfaatlar, masalan, futbolchilarning o‘z terma jamoalari sharafini himoya qilish istagi, muxlislarning irodasi, hatto yevrokuboklar translatsiyasini sotib olib, pulini to‘lab qo‘ygan telekanallar, homiylar va yana bir qator tomonlar bir chetga surilib, ikki tomon bir-biriga prinsipial borayotgani biroz kulgili. Xuddi, kim kimga ko‘proq muhtoj ekani borasida tortishuv boshlanayotgandek.

Xo‘sh, Superliga o‘zi nima?

FIFA, UYeFA kabi tashkilotlar bilan top-klublar o‘rtasidagi ziddiyatlar anchadan beri mavjud. Futbolda katta pullar aylanishi ma'lum, tilga olingan tashkilotlar esa doim kattaroq qismga ega chiqishga urinadi. Ayniqsa, terma jamoalar bilan bog‘liq musobaqalar doim klublarning manfaatlariga to‘siq qo‘yib kelgan. Futbolchilarga katta summalardagi maoshlar to‘laydigan klublar terma jamoa yig‘inlari tufayli ko‘p yo‘qotishlarga uchraydi, jarohatlar sodir bo‘ladi. Qolaversa, UYeFA Yevropa chempionati ishtirokchilari sonini va formatini o‘zgartirishi, Millatlar Ligasi kabi kelajagi shubhali bo‘lgan turnirlarga asos solishi doim klublarni jig‘ibiyron qilib kelgan.

Buning ustiga, top-klublar doim yevrokuboklardan daromadlar ishtirokchilar o‘rtasida adolatli taqsimlanmayotganidan norozi bo‘lib keladi. Masalan, Chempionlar Ligasining asosini va jozibadorligini ta'minlaydigan klublar yakunda shu qadar oz summa oladilarki, bu biror transfer narxining yarmini ham qoplamasligi mumkin ba'zida. Chempionlar Ligasi formati, ayniqsa, guruh bosqichida jamoalar soni ko‘paygani munosabati bilan qiziqarsiz bo‘lib qolayotgani ham sir emas.

UYeFAning asosiy funksiyalariga nafaqat moliyaviy daromad olish, balki qit'a futbolini rivojlantirish ham kiradi. Aytish mumkinki, bu asosiy vazifa bilan musobaqalardan moliyaviy daromad olish ba'zida bir-biriga ters kelishi mumkin bo‘lgan manfaatlardir. Bir tomonga urg‘u berilganda, tabiiyki, tarozining narigi pallasi jabr chekaveradi. Natijada UYeFA juda ko‘p top-klublar ishtirok etadigan turnirdan hatto APL oladigan mablag‘ni ham topa olmaydi.

«Biz futbolga millionlarni sarflayapmiz, shu pullar bilan butun futbolni ushlab turibmiz, futbolchilarga oylik to‘layapmiz, lekin sizlar biz uchun mana shu xarajatlarni qoplay oladigan turnir tashkil qilib bera olmayapsizlar. «Dinamo» Zagrebga qarshi maydonga tush, Qozog‘istonga borib «Astana» bilan kuch sinash, deyapsizlar, lekin bu o‘yinlar uchun pulni biz to‘layapmiz. Yaxshisi, sizlar chetga chiqib turinglar, xalqaro turnir kerakmi, buni o‘zimiz tashkil qilamiz. Pullarimizni to‘g‘ri yo‘naltiradigan tizim yaratamiz, biz pul sarflayapmizmi, daromad ham bizniki, uchinchi dunyo klublarini rivojlantirishga majbur emasmiz», – deb hayqirmoqda top-klublar jamoati.

«Bu millionlar faqat Sizning xarajatlaringiz tufayli emas, uzoq yillar mobaynida qo‘yilgan poydevor, o‘zgarmas qadriyatlardir. Biz yaratgan poydevor ustiga o‘z imoratingizni qo‘ya olmaysiz», – deb javob beradi UYeFA va milliy assotsiatsiyalar.

Xullas, «Real» rahbari Florentino Peres boshchiligida, «Manchester Yunayted» egalari bo‘lmish Glayzerlar, «Yuventus» prezidenti Andrea Anelli va boshqalar hozircha 12 klubdan iborat Superligaga asos solishdi. «Real», «Barselona», «Atletiko», «Milan», «Inter», «Yuventus», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Arsenal», «Chelsi», «Tottenhem» va «Liverpul» klublari mana shu 12talikni tashkil qilishmoqda. Aytilishicha, yana 3 klub qo‘shiladi. Fransiya va Germaniya chempionati vakillari loyihadan chetda turishibdi.

Nemis klublari mavjud tizim va strukturani buzishni istashmayapti. «PSJ» bilan esa sal boshqacha – klub prezidenti Nosir Al-Xelayfi UYeFA direktorlar kengashi a'zosi hisoblanadi va buning ustiga, u Chempionlar Ligasi translatsiyasini sotib olgan beIN Media Group’ni ham boshqaradi.

Reja bo‘yicha, bu turnir milliy chempionatlar bilan parallel tarzda, hafta o‘rtasidagi kunlarda o‘ynaladi. Ya'ni Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi kabi turnirlar o‘rnida. Turnir maqsadiga ko‘ra, 20 jamoa ikki guruh shaklida davraviy tizimda 18tadan o‘yin o‘tkazadi. Guruhlardagi dastlabki uchtadan jamoa chorak finalga chiqadi. Qolgan 2 ishtirokchi pley-off yordamida aniqlanadi. Chorak final va yarimfinallar uy-safar tizimida, final esa, neytral maydonda bo‘lib o‘tadi.

Turnirning bosh homiysi JP Morgan 4,6 milliard yevro pul tikishga tayyor. Yirik bank bu xarajatlarni kelajakda translatsiya huquqlarini sotish orqali qoplamoqchi.

Superligani shuningdek, yosh loyihalar va startaplar bilan shug‘ullanadigan Key Capital Partners ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Corriere dello Sport ma'lumotiga qaraganda, DAZN translatsiya huquqlari uchun 3,5 milliard yevro to‘lashga tayyor.

Tashkilotchi 15 klubga hammasi bo‘lib 3,1 milliard funt beriladi. Bu pullar yangi stadionlar va bazalar, shuningdek, pandemiya davrida bo‘sh stadionlar tufayli bo‘lgan yo‘qotishlarni qoplashda ishlatiladi.

Shu bilan birga, Superligada qatnashadigan har bir klub 350 million yevrodan pul oladi.

Tovuq oldin paydo bo‘lganmi yoki tuxum?

Bu savol Ligalar va klublar o‘rtasidagi munosabatlarni ham aks ettirish uchun ishlatsa bo‘ladigan savol. To‘g‘ri, kuchli klublarsiz ligalarga ham non yo‘q. Agar La Ligadan «Real» va «Barselona», Angliyadan Top-6 klublari chiqib ketadigan bo‘lsa, ushbu turnirlarning ahvolini tasavvur qilish qiyin. Umuman, klublar milliy chempionatlardan voz kechishmayotgan, Superliga yevrokuboklarga muqobil sifatida tashkil qilinayotgan bo‘lsa-da, UYeFA aynan federatsiyalar orqali klublarga bosim o‘tkazmoqchi.

Buni ham tushunsa bo‘ladi – milliy chempionatlar klublar uchun tarixiy asos, muhim qadriyat hisoblanadi. Milliy chempionatlardan voz kechib, klub nafaqat borlig‘ini yo‘qotadi, balki muxlislar bilan munosabatlarda ham pand yeydi.

«Superliga haqida gapirish Yevropa futbolining 70 yillik tarixidan voz kechish demakdir. Millionlab muxlislar musobaqalarning hozirgi ko‘rinishini sevadilar. Agar «MYu» tushunarsiz bu turnirning orqasida turadigan bo‘lsa, o‘z tarixiga, an'analariga bolta urgan bo‘ladi. Men bunga qarshiman», - dedi Ser Aleks Fergyuson.

Boshqa tarafdan, ligalar ham top-klublarsiz qolishni istashmaydi. APL o‘z bayonotida hozir mavjud shartlar va formatlarni qo‘llab-quvvatlashini, bu xususda klublar bilan muzokaralar o‘tkazishini rasman ma'lum qildi. Liga shunday vaziyatda qolganki, hatto UYeFAga qarshi borib, Superliga g‘oyasini quvvatlagan taqdirda ham, bugungi mavjud Ligani qisman yo‘qotadi. Chunki qarang, APLni hozirda qizitib turgan jihat aynan Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashlar, to‘g‘rimi? Shunchaki, sig‘may qolayotgani uchun doim YeChL tashqarisida qolish «Tottenhem» yoki «Arsenal» kabi top-klublarning zarariga ishlasa ham, APL uchun ayni muddao, 7-8 klubning YeChL uchun kurashishi bevosita Ligani ham qiziqarli qiladi. Superliga ishtirokchilari doimiy bo‘lishini va APL orqali chiqilmasligini inobatga olsak, top-klublar ichki chempionatdagi 3-4 o‘rinlar uchun kurashmay qo‘yishlari mumkin. Bu ham APL uchun katta zarba bo‘ladi. Xuddi shu mulohazalarni biz A Seriya yoki La Ligaga nisbatan ham aytishimiz mumkin.

Muxlislar uchun ham, ishtirokchilar cheklangan va belgilangan turnir yoqmasligi mumkin. Ha, har mavsumda juda ko‘p top-uchrashuvlar guvohi bo‘lish mumkin bo‘lsa-da, potensial ravishda «Lester» kabi jamoalar chempion bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan, «Ayaks», «Portu», «Sevilya» va boshqalar ham grand raqiblar bilan tenglashishga urinadigan musobaqalar yanada jozibador va xalqona ko‘rinadi. Har holda, futbol faqat puldan iborat emas. Ko‘pchilikning nazdida, klublarning boshiga kelgan biznesmenlar futbolni faqat o‘z daromadlari uchun instrumentga aylantirib qo‘ymoqda. Bu yo‘lda chuqur ildizli an'analar, futbolni shu darajaga olib kelgan qadriyatlar oyoqosti qilinmoqda. Yoki masalan, «Real» va «Barselona» kabi klublar hissadorlik jamiyatlari sanalishadi va bunday keskin qarorlar u yerdagi jamoatchilik, muxlislar tomonidan qanday qarshi olinishi noma'lum.

Buning ustiga, yanada kattaroq bosim – terma jamoa musobaqalaridan ishtirokchi futbolchilarning diskvalifikatsiya qilinishidir. Bu birinchidan, futbolchilarni hozir mavjud shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi, ikkinchidan, kelajakda ham bir qator muammolar keltirib chiqaradi.

Futbol butunlay ikki olamga bo‘linib qoladi. Go‘yoki, xuddi boksdagidek, professional va havaskor toifaga ajralishi mumkin. Bu ham oxiri noma'lum bo‘lgan bir yo‘l.

Xulosa

Glayzerlar deymizmi yoki arab investorlarmi, har qancha futboldan begona odamlar bo‘lishmasin, biznesni yaxshi tushunishadi. G‘oya har qancha jozibador bo‘lmasin, bunday radikal yo‘ldan borish hatto bugungi shartlarni ham xavf ostiga qo‘yishini, bu sohada prinsiplar ortidan ketish oqibati katta risk ekanini baholay olishlari shubhasiz. Vaziyatning qay tomonga ketishi noma'lum yo‘l ortidan bugungi pozitsiyani ham boy berib qo‘yishdan qo‘rqishlari ham tabiiy.

Aslida, «ichkarida» umuman boshqacha kurash ketayotgani, taraflar vaziyatga ancha adekvat yondashayotganliklariga, biz o‘qiyotgan keskin bayonotlar esa, ma'lumot sifatida emas, bir-biriga bosim o‘tkazish, qo‘llarida muqobil variant borligini ko‘rsatish uchun ishlatilayotgan bir «blef» ekaniga ishongimiz keladi.

Nazarimda, baribir, Superliga loyihasi aytilayotgan paytda, hatto yaqin yillarda amalga oshmaydi. Har ikki tomonda ham o‘z ustunliklari, qarshi tarafga bosim o‘tkazish instrumentlari mavjudki, bunday sharoitlardagi muzokaralar doim qandaydir kelishuv bilan nihoyalanadi. UYeFA qaysidir pozitsiyalar bo‘yicha klublarni tinglaydi, qaysidir nuqtalarda chekinadi va bugungi futbolni saqlab qolishga erishadi, deb o‘ylayman.

Superliga loyihasi esa, bugun bo‘lmasa, ertaga amalga oshadi. Bugungidek, janjal bilan, yomon oqibatlar bilan emas, hamma tomonni rozi qilgan holda, diplomatik yo‘llar bilan, asta-sekin. Ana o‘shanda Superliga hech qanday revolyutsion o‘zgarishlarsiz, shunchaki YeChLga o‘rinbosar turnir sifatida kirib keladi. Superligadan tashqarida qolgan klublar esa, xuddi bugungi Yevropa Ligasi kabi, UYeFA turnirida o‘ynayverishlari mumkin balki.

Amalga oshmagan taqdirda ham, lozim bo‘lganda UYeFAga bosim o‘tkazish uchun o‘z «qizil knopkasi» bilan Peres kabilarning chamadonida saqlanib turishi aniq.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: