Chortoqdagi paxta-g‘alla maydonlari bog‘dorchilik uchun berib yuborilayotganidan aholi norozi - ular ishsiz qoladi

Jamiyat 16:21 / 19.04.2021 8184

Mahalla ahli asosan ushbu hududda joylashgan dala maydonida mehnat qilib kelgan. Mahallaning Nuroniy ko‘chasida yashovchi fuqarolarning shikoyat qilishicha, ushbu hududiy bo‘linish aholi uchun biroz qiyinchilik tug‘diradi. 2020 yilgacha g‘alla-paxta ekib kelinayotgan ekin maydonlari bog‘dorchilikka 50 yillik ijara shartnomasiga asosan fuqarolarga bo‘lib berilgan, bu esa hudud aholisi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

«Jasur-O‘tkir ne'mati» fermer xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan bu maydonlar Chortoq hokimligi qaroriga asosan fuqarolarga taqsimlab berilgan, lekin bu qaror viloyat hokimligi tomonidan rad etilgan. Shunga qaramay fuqarolar bu yerda dehqonchilik ishlarini boshlab yuborishgan.

«Hokimiyatga murojaat qilganimizda, paxta ekiladi, bog‘dorchilikka berilmaydi, deyishgandi. Asosiy ko‘rinadigan joyga bug‘doy ekib qo‘yilgan, qolgan joylarga boshqa ekinlar ekilyapti. Shu yerga paxta-g‘alla ekilganda 48 nafar mahalladoshimiz bilan dalada mehnat qilib, kun kechirganmiz. O‘zim suvchi bo‘lib ishlaganman, dehqonchilik qilganman, mana endi ishsiz qoldik», — deydi fuqarolardan biri G‘aybullo Qoraboyev.

Chortoq tumani mutasaddilaridan bu masala bo‘yicha izoh olishga urindik, ular ham qaror viloyat hokimligi tomonidan rad etilganini tasdiqlashdi va fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilganini aytishmoqda, lekin rasmiy munosabat berishni istashmadi.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: