Bundan buyon qoidabuzarlarga qat'iy choralar ko‘riladi – IIV karantin qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlaridan ogohlantirdi

O‘zbekiston 11:01 / 18.04.2021 25375

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov karantin qoidalariga bepisandlik kuchaygani, natijada kasallikka chalinayotganlar soni kundan kunga ko‘payishi davom etayotganini qayd etgan.

«Kasallanish holatlarining oshishi, birinchi navbatda oddiy ehtiyot choralariga rioya etmaslik, ya'ni tibbiy niqobdan foydalanmaslik, ijtimoiy masofani saqlamaslik oqibatida yuz bermoqda. Shu munosabat bilan respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, Respublikamizda joriy yilning 18 aprel kunidan boshlab karantin qoidalari kuchaytiriladi. Ya'ni, jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish tadbirlarining nazorati kuchaytiriladi va qoidabuzarlarga nisbatan qat'iy javobgarlik choralari ko‘riladi.

Jamoat transportlari 50 foiz sig‘imida yo‘lovchilar tashiydi va ushbu maqsadda transport vositalari soni oshiriladi.

To‘y va boshqa marosimlarda 100 kishidan ortiq bo‘lmaslik belgilanadi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o‘rinlar 50 foizgacha cheklanadi.

Iftorlik marosimlarini oila a'zolari davrasida o‘tkazish tavsiya qilinadi.

Barcha davlat organlari va tashkilotlar yig‘ilish va majlislar o‘tkazishni keskin qisqartiradi hamda asosiy ishga ta'sir etmagan holda mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib tashkil etish choralarini ko‘radi.

Anjumanlar va boshqa tadbirlar imkoniyatga ko‘ra, asosan onlayn rejimda, masofaviy tarzda o‘tkaziladi.

Bog‘cha va maktablarda kasallanish holatlari aniqlangan taqdirda ularning faoliyati to‘xtatiladi hamda 2 haftaga karantinga olinib, onlayn darsga o‘tiladi.

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning xonadonlarida karantin qoidalariga rioya qilish ustidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

Hurmatli fuqarolar, shu kungacha ichki ishlar organlari xodimlari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga nisbatan asosan ogohlantirish bilan cheklanayotgan edilar. Bundan buyon qoidabuzarlarga qonuniy va qat'iy choralar ko‘riladi», – deyiladi bayonotda.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kunlik kasallanish holatlari kundan kunga oshmoqda. 16 aprel kuni yil boshidan buyon ilk marta bir kunda aniqlangan kasallar soni 300dan oshdi, 17 aprel kuni yana 342 kishida kasallik aniqlangan, ikki bemor vafot etgan. Ayni vaqtda shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar soni o‘tgan yildan beri ilk marta 2 mingga yetdi.

17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida 18 apreldan boshlab karantin qoidalari kuchaytirilishi belgilangani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: