Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi shaxs spirtli ichimlik ta'siri ostida hamqishlog‘ini kaltaklagan va unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Holat yuzasidan tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, 2021 yil 5 aprel kuni soat taxminan 20:30larda Koson tumani «Qozoqli» mahalla mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.A. hamqishlog‘i X.U.ning uyiga spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda borgan va u bilan o‘zaro tortishib qolgan.
Shundan so‘ng o‘z jahlini jilovlay olmagan X.A. fuqaro X.U.ni do‘pposlagan va unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Oqibatda, X.U. vafot etgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.