Shoira va xalqaro toifadagi sport hakami Xonzodabegim Jamolova vafot etdi

Jamiyat 18:20 / 16.04.2021 71699

Bu haqda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botirjon Ergashev o‘z Facebook sahifasida ma'lum qildi.

Xonzodabegim Jamolovaning yaqinlari bergan ma'lumotga ko‘ra, uning vafotiga kecha tunda qon bosimining keskin pasayib ketishi, qon bosimini ko‘tarish uchun qilingan muolajalar oqibatida esa yurak to‘xtashi sabab bo‘lgan.

Xonzodabegim Jamolova 1999 yil 27 martda Bekobod tumanida tug‘ilgan.

U sportdagi qisqa faoliyati davomida bir qator yutuqlarga erishgan. Karate bo‘yicha II dan qora belbog‘ sohibasi, jit kun do bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi.

Xalqaro toifadagi hakam hamda xalqaro sport loyihalari tarjimoni.

Xonzodabegim Jamolova sportdan tashqari ijod bilan ham faol shug‘ullangan. Jumladan, uning «Baxt tongi» nomli she'riy to‘plami bundan bir oy avval O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ko‘magida chop etilgan.

Xonzodabegim Jamolova O‘zbekiston xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Lider qizlar» festivalini tashkil qilgan.

Rus, ingliz, arab, turk, koreys tillarida so‘zlasha olgan.

«Marhuma talabamiz yurtimizda sportning rivojlanishi, jahon yoshlarini o‘zaro hamjihat bo‘lib faoliyat olib borishi tarafdori edi. Shu sababli uning tashabbusi bilan 2019 yilda O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro sport sammiti (International sport summit Tashkent-2019) o‘tkazildi.

U bugungi kunga qadar mamlakatimizning ko‘plab qizlarning yo‘lboshchisi sifatida ularni qo‘llab-quvvatlab, jamiyatimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari uchun mehnat qilib keldi», – deyiladi Jismoniy tarbiya va sport universiteti xabarida.

Kun.uz marhumaning yaqinlariga ta'ziya izhor qiladi.

Dod dedim, shu kecha dod dedim
Tushuning odamizot dedim, 
Isyonkor shamollar elchidek
U endi hijrondan shod dedi!
Avvalim......
            ohirim,
                     ohirim,
Ko‘ksimga muhabbat o‘qlarin,
            Bexato qadagan mohirim.
Bu dardlar ichinda tentisam,
Sen izlab, sensizlik faryod dedim.
Yursamu, yo‘llardan gul unsa.
Men boqsam ko‘zlaring nur bo‘lsa,
Va senga eltuvchi yo‘l bo‘lsa,
Xudo deb O‘ziga yolvorsam
Baxtlarga to‘lsaydi xotirim.
Avvalim...
            ohirim
                    ohirim...
Ko‘klamlar ko‘z ochar ko‘nglimda
Bodomzor ochadi ishq sirin
Ko‘ksimda she'r hidi gupillar.
Ichimda yashagan shoirim...
Yuz boshli ayriliq kelyotir,
baringa «o‘liiiim»deb 
baqirdim!
Qanchalar kuchlisan sog‘inchdan
shart tortib olsangchi botirim...
Dod dedim,
shu kecha dod dedim.
Tushunar odami zot dedim.
Tushimga kirasan jilmayib,

Men seni.......

Umrbod....
Umrbod.....
Umrbod dedim....

Xonzodabegim Jamolova

Ko‘proq yangiliklar: