6200ta tovar pozitsiyasi qatorida respublikaning asosiy eksport salohiyatiga ega bo‘lgan keng turdagi mahsulotlar bojxona boji to‘lashdan ozod etildi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi mas'ul xodimi Sarvarxo‘ja G‘anixo‘jayev 16 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.
Quyidagi tovarlar belgilangan miqdorda bojxona to‘lovlarini to‘lamaydi:
- Olma va pomidor sharbatlariga nisbatan – 13,3-25,5 foiz;
- shaftoli va o‘rik – 14,1-16,5 foiz;
- muzlatilgan sabzavotlar (kartoshka, olivka, pomidor va boshqalar) – 10,9 foiz;
- yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari – 15,4 foiz;
- oyoq qiyim mahsulotlari – 11,9 foiz;
- konservalangan sabzavotlar – 14,1 foiz;
- baliq go‘shti va filesi – 14,5 foiz;
- meva sharbatlari – 14,5 foiz;
- bolalar kiyim-kechaklari – 8,4 foiz va futbolkalar – 9,6 foiz.
Ma'lum qilinishicha, bojxona bojidan ozod etilgan eksport salohiyatiga ega keng turdagi mahsulotlarga tekstil, oyoq qiyim, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, neft va kimyo sanoati, qurilish materiallari, keramika va metall mahsulotlari hamda texnologik uskunalar kiradi.
9 aprel kuni rasman O‘zbekistonga preferensiyalar bosh tizimi («GSP+») bo‘yicha benefitsiar mamlakat maqomi berildi.
Ma'lumot uchun, «GSP+» rivojlanayotgan mamlakatlardan rivojlangan mamlakatlar bozorlariga eksport qilinadigan tovarlarga bojxona tariflaridan imtiyozlar berish tizimidir. U deyarli barcha turdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qamrab oladi. Xususan, bu turdagi tizim, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a'zo mamlakatlar, shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Shveytsariya kabi davlatlar tomonidan taqdim etiladi.