Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida 14 yoshli qizni aldab, u uydan olib chiqib bergan 7 300 dollar pulni o‘zlashtirgan firibgar ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 3 aprel kuni fuqaro 39 yoshli Q.Oybek Qamashi tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatida, 2021 yil 1 aprel kuni soat 09:30 larda 18 yoshli B.Mirzohid uning uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, voyaga yetmagan qizi 14 yoshli M.Madinaga yashash uyidan pullarini olib chiqib berishini so‘rab, jami 7 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni aldov yo‘li bilan olib ketganini ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, B.Mirzohid Q.Oybekning daromadli joyda ishlashidan xabar topib, uning voyaga yetmagan qizi M.Madinani aldab, u bilan gaplashib yurib, uyidagi pullarini olib chiqib bersa, yana o‘rniga qo‘yishga va'da berib, ushbu jinoiy rejasini amalga oshirganligi aniqlangan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan B.Mirzohidga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, undan 6 000 AQSh dollari pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.