Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan sayyor sudda farzandi uchun belgilangan alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagan otalar ishlari ko‘rildi.
Majburiy ijro byurosi Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudining qarori bilan qarzdor R.G voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun oylik topgan daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment to‘lashi belgilangan bo‘lsada, qarzdor tomonidan qasddan aliment pullarini to‘lamasligi natijasida 16 mln 215 ming so‘m alimentdan qarzdorlik yig‘ilishiga sabab bo‘lgan.
Yoki, sudning 18.08.2010 yildagi qaroriga asosan, M.O‘ voyaga yetmagan ikki nafar farzandini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlab, undiruvchi I.I.ga shu kunga qadar 14 mln. 249 ming so‘m miqdordagi aliment pullarini to‘lamay, voyaga yetmagan farzandlarining ta'minotini o‘z holiga tashlab qo‘ygan.
Fuqaro S.M ham voyaga yetmagan bir nafar farzandini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlab, jami 9 mln 348 ming so‘m miqdordagi aliment pullarini to‘lamasdan kelgan.
Majburiy ijro byurosi Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tashabbusi bilan yuqoridagi kabi muntazam ravishda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan shaxslarning javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish maqsadida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Sud majlisida 14 nafar shaxslar O‘zbekiston Respublikasi “Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 47-4-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, huquqbuzarlarning har biriga 15 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Avvalroq Alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan andijonlik ikki nafar otaga qamoq jazosi tayinlanganligi haqida xabar bergan edik.