O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvini 4,5 mlrd dollarga yetkazish belgilandi

Iqtisodiyot 07:54 / 14.04.2021 8511

«Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, quyidagilar kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda:

  • kapital bozori raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023 yil yakuniga qadar 45 trillion so‘mga yetkazish;
  •  2023 yil yakuniga qadar respublika va hududiy investitsiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga yetkazish;
  •  sohaga ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
  •  kapital bozorining zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar bilan ta'minlash tizimini rivojlantirish;
  •  minoritar investorlar, kapital bozori boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlari bilimlari, ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023 yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.

Farmon bilan 2021-2023 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturi, uni amalga oshirish natijasida erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar, «Yo‘l xaritasi», aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Hujjatda belgilanishicha, erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar umumiy hajmini yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foiziga yetkazish dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy emitentlar o‘z aksiyalarini dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan so‘ng anderrayter tavsiyasiga ko‘ra xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin.

Farmon asosida «Moliya va investitsiya savodxonligi» dasturi amalga oshiriladi. Xususan, dastur orqali:

  • aholi va tadbirkorlik sub'yektlari moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar, jumladan, kapital bozori hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish bilan bog‘liq tashabbuslarni hamjihatlikda amalga oshirgan holda mutasaddi tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  •  umumta'lim maktablari o‘quvchilari hamda noiqtisodiy yo‘nalishdagi oliy ta'lim tashkilotlari talabalari uchun «Moliyaviy savodxonlik» o‘quv kursini fan sifatida joriy etish hamda «Moliyaviy savodxonlik olimpiadalari»ni tashkil etish belgilandi.

 Ma'lumot uchun, ayni paytda O‘zbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YaIMga nisbatan 1 foizga teng. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 30–60 foiz, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi.

2019 yilda kapital bozorini rivojlantirishning 5 yillik strategiyasi loyihasi e'lon qilingan, shu munosabat bilan Toshkentda xalqaro konferensiya ham tashkil etilgan edi.

2021 yil martda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ham kapital bozorini rivojlantirish, regulyatorga ko‘proq imkoniyat berish borasida muhokamalar bo‘lgan. Tadbirda Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ayni paytda O‘zbekistonda kapital bozori rivojlanish darajasi dastlabki holatda ekani, aholi va mahalliy kompaniyalarning investitsiyadagi ishtiroki minimal darajadaligi, mamlakatda institutsional investorlar deyarli mavjud emasligini ta'kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: