May oyida O‘zbekiston budjetining 93 mlrd so‘m mablag‘i aholi fikri asosida ishlatiladi

Iqtisodiyot 17:27 / 14.04.2021 6235

«Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2021 yil may oyidan boshlab respublikaning 14 ta tuman va shahar budjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Hujjatda hududlar va ularning aholisi fikri asosida sarflanadigan mablag‘lar miqdori quyidagicha belgilandi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumani (3,4 milliard so‘m);
  • Andijon viloyati, Asaka tumani (10 milliard so‘m);
  • Buxoro viloyati, g‘ijduvon tumani (9,7 milliard so‘m);
  • Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani (3 milliard so‘m);
  • Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani (7 milliard so‘m);
  • Navoiy viloyati, Xatirchi tumani (7,6 milliard so‘m);
  • Namangan viloyati, Chust tumani (8,2 milliard so‘m);
  • Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani (6,2 milliard so‘m);
  • Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani (7,2 milliard so‘m);
  • Sirdaryo viloyati, Xovos tumani (3,8 milliard so‘m);
  • Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani (3,9 milliard so‘m);
  • Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri (10,4 milliard so‘m);
  • Xorazm viloyati, Xonqa tumani (6,5 milliard so‘m);
  • Toshkent shahri, Uchtepa tumani (5,6 milliard so‘m);

Qarorda belgilanishicha, mazkur mablag‘larning umumiy hisobi 92,7 milliard so‘mni tashkil etadi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvardan e'tiboran respublikaning barcha tuman va shaharlarida tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish tartibiga o‘tiladi.

Qarorga ko‘ra, mazkur mablag‘lar tuman (shahar) hokimliklarida budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi» shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi va ushbu mablag‘larning boshqa maqsadlarga ishlatilishi qat'iyan taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 22 avgustda O‘zbekiston prezidentining «Budjet ma'lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Hujjatga muvofiq, 2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokini ta'minlash, tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish mexanizmi joriy etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: