Kun.uz coliq platformalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar, o‘z-o‘zini band qilganlik guvohnomasining nega rus va inglizcha variantlari yo‘qligi, onlayn soliq xizmatlarida kutilayotgan yangiliklar xususida Davlat soliq qo‘mitasining AKT departamenti direktori Hayotjon Nasrulloyev bilan intervyu tashkil etdi.
– Ayrim hollarda tizim orqali hisobotlar yuborilganda texnik nosozlik tufayli hisobot qabul qilinmay qoladi, bunday holatda muammoni qanday bartaraf etish mumkin?
– Soliq hisobotlari saytida soliq hisobotlarining shablonlari joylashtirilgan. Shu shablonni olib, ma'lumotlar ko‘rsatilgan namunada to‘ldirib chiqish lozim. Agar shablonda belgilangan tartib-qoidadan chetga chiqib, ma'lumotlar noto‘g‘ri kiritiladigan bo‘lsa, tizim ma'lumotlar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Ya'ni qanday xato? Masalan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) 14 xonali raqamdan iborat bo‘lishi kerak. Ayrim holatlarda ilova jadval ko‘rinishida bo‘lgani uchun unga son emas, belgilarni yoki 14 tadan ko‘p belgi kiritishadi. Tizim noto‘g‘ri son kiritilganda xatolikni aniqlaydi. Shu sababli ma'lumotlarni to‘g‘ri kiritganlikka amin bo‘lish lozim.
Mabodo xatolikni topa olmagan taqdirda yana bir usuli bor: xuddi shu hisobot shaklini oldingi davrda muvaffaqiyatli yuborilgan hisobot bilan taqqoslab ko‘rish mumkin.
– Eski shablonda hisobot topshirgan soliq to‘lovchilar nima qilishi lozim?
– Ayrim hollarda tadbirkorlik sub'yektlari avval topshirgan hisobotining shablonini saqlab qo‘ygan bo‘ladi-da, hisobotni eski shablon bo‘yicha yuboradi. Vaholanki, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, ayrim hisobot shakllari o‘zgarib, ularda yangi maydonlar, ilovalar paydo bo‘ladi yoki bekor qilinadi. Eski shablonda to‘ldirilgan hisobotlar yangi hisobot shakliga to‘g‘ri kelmagani sababli xatolik chiqishi tabiiy, shu sababli yangi hisobot shakllari bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq.
Soliq to‘lovchilarda oldingi davrlar uchun qayta hisobot topshirish imkoni bor. 2021 yilgacha hisobot shakli eski namunada bo‘lgan, 2021 yildan boshlab yangi namunaga o‘tdi. Agar soliq organlari 2020 yilda korxona hisobchisining xabari bo‘lmay yoki keyinroq bu haqda ma'lumot paydo bo‘lib nimadir qolib ketgan bo‘lsa, eski davrdagi hisobotga o‘zgartirish kiritgan holda qayta hisobot topshirish kerak bo‘ldi.
Amal qilish davriga ko‘ra, soliq to‘lovchi 2020 yildagi qaysidir davr uchun qayta hisobot topshirmoqchi bo‘lsa, hisobotning o‘sha davrdagi shakli ochiladi va shu shaklda hisobot to‘ldiriladi.
– To‘lov topshiriqnomasini to‘ldirishda nimalarga ahamiyat berish lozim?
– Agar to‘lov topshiriqnomalari soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali rasmiylashtiriladigan bo‘lsa, tadbirkorlik sub'yektlarida o‘zi shu kunga qadar to‘lab kelayotgan soliqlardan ixtiyoriy birini tanlash imkoni bor. Har bitta soliq turining kodi bor. Masalan, ishchilarning daromad solig‘i kodi – 46.
Ikkinchisi bu – to‘lov kodi. Ya'ni g‘aznachilik hisob raqamiga pullar o‘tkazilayotganda to‘lov maqsadi tanladi. U yerda besh xonali kod tanlanishi ko‘zda tutilgan. Bunda avtomatik yuklanadigan ma'lumotnomadagi 12 xil to‘lov maqsadlaridan birini tanlash zarur. Agar biz o‘zimiz topshirgan hisobotlar natijasida hisoblanadigan soliqni to‘lamoqchi bo‘lsak, 08102 kodini tanlaymiz.
Ayrim holatlarda soliq to‘lovchi boshqa kodlarni tanlashi zarur bo‘lishi mumkin. Masalan, tadbirkorlik sub'yektiga soliqlarni kam ko‘rsatgani haqida kameral nazorat o‘tkazilganining xulosasi asosida talabnoma kelgan. Shuning natijasida tadbirkorlik sub'yekti soliq to‘layotgan bo‘lsa, tadbirlar asosida qo‘shimcha soliq summasi to‘lanayotganini ko‘rsatish uchun 08105 kodi ma'lumotnomadan tanlanishi lozim. Barcha amalga oshirilgan to‘lovlar soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida aks ettirib boriladi.
– Nima sababdan soliq organlarining murojaat telefonlariga tushish qiyin? Aksariyat soliq to‘lovchilar telefon qilganda yo‘nalishlar band bo‘lishini ta'kidlaydi.
– Hisobot davrlarining oxirgi kunlarida tadbirkorlik sub'yektlarining hisobchilari buxgalteriya hisobi balans ma'lumotlarini to‘liq shakllantirgach soliq idoralariga hisobot jo‘natishadi. Lekin ko‘pchilik hollarda bu hisobotni topshirishning oxirgi sanalariga borib taqaladi. Tan olishimiz kerakki, aynan hisobot topshirishning oxirgi kunlarida soliq idoralariga murojaatlar soni karrasiga ortib ketadi.
Soliq to‘lovchi qayerdadir nimadir xato qilib qo‘ydi, xatosini anglab yetishga ulgurmadi. Shunda soliq to‘lovchi shaxsiy kabinetda ko‘rsatilgan murojaat uchun telefonlarga bog‘lanadi. Bir vaqtning o‘zida shu shakldagi murojaat qiluvchilar bir nechta bo‘lgani uchun aynan shu xodimning ish telefoni band bo‘lib qolish ehtimoli oshadi. Shuning uchun, asosan soliq hisobotlarining oxirgi kunlarida koll-markazdagi mutaxassislar murojaatlarni imkon qadar tezkor ko‘rib chiqishlari choralarini ko‘ramiz.
Texnik nosozlik bo‘lgan taqdirda hisobot yoki soliq majburiyatini bajarishning oxirgi kuniga to‘g‘ri kelsa, hisobotlarni topshirish vaqti uzaytirib beriladi va hech kim javobgarlikka tortilmaydi. Texnik nosozlik qanchalik davomiy bo‘lganiga qarab, qo‘shimcha muddat belgilanadi.
Ayrim holatlar bo‘lganki, elektr yoki internet tarmog‘ida yuzaga kelgan muammolar sababli ma'lum bir muddat uzilishlar yuzaga kelgan. Shunday paytda proporsional ravishda ko‘proq vaqt qo‘shib bergan holda hisobot va soliq majburiyatlarini bajarish kunlari muddatini uzaytiramiz. Bu haqdagi xabar tadbirkorlik sub'yektlarga yetkaziladi.
– O‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar tomonidan shunday murojaat kelgan: «O‘z-o‘zini band qilganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma faqat o‘zbek tilida shakllantiriladi. Men xorijda faoliyatimni davom ettirmoqchiman, shu sababli ma'lum davrda o‘z-o‘zimni band qilganim to‘g‘risida asoslovchi hujjat kerak. Nima sababdan ma'lumotnoma rus va ingliz tillarida shakllantirilmaydi?»
– O‘z-o‘zini band qilganini tasdiqlovchi ma'lumotnoma davlat tilida chiqadi. Lekin hali guvohnomaning rus va ingliz tillaridagi shakliga ehtiyoj sezmaganimiz uchun bu imkoniyat yaratilmagan. Agar haqiqatan fuqaro chet elda ishga joylashishi uchun o‘z-o‘zini band qilgani to‘g‘risidagi ma'lumotnoma kerakligini Mehnat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlasa, ma'lumotnomaning bu tillardagi variantini ishlab chiqish ko‘p mablag‘ ham, vaqt ham talab qilmaydi. Buni amalga oshirish imkoniyatimiz bor: rus tilida ham, ingliz tilida ham ma'lumotnomani shakllantirish muammo emas.
– Soliq tizimini raqamlashtirishda yana qanday yangiliklar kutilmoqda?
– Asosiy yangiliklarimiz ko‘pchilikni xavotirga soladigan narsa: tizimlarning barqaror ishlashini ta'minlash masalasi. Bu borada DSQ tomonidan hisoblash texnika vositalarining quvvatini kengaytirish borasida ishlayapmiz. Serverlarni yangilash va axborot tizimlari ko‘chirib o‘tkazish tadbirlarini iyul-avgust oylariga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilgan.
Ikkinchisi, tadbirkorlik sub'yektlarining shaxsiy kabinetlarini dizayn va funksional jihatdan yanada zamonaviy shaklga keltirish.
Uchinchisi, soliq hisobotlarini ham inson omilini kamaytirgan holda shakllantirish. Ya'ni soliq hisobotlari Davlat soliq qo‘mitasida mavjud bo‘lgan ma'lumotlar asosida (elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat kassa mashina cheklari va boshqa manbalar) imkon qadar hisobotlarni avtomatik shakllantirishga urg‘u beryapmiz. QQS hisoboti, aylanma va boshqa hisobot shakllarini to‘ldirish mexanizmini avtomatlashtirish ustida ish olib boryapmiz.
Shuningdek, hozirgi kunda interaktiv xizmatlarimizni bosqichma-bosqich mobil shaklga o‘tkazyapmiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.