Buvaydadagi abgor sinf suratlari tarqaldi: o‘quvchilar zudlik bilan ko‘chirilib, xona ta'mirlanmoqda

Jamiyat 13:08 / 14.04.2021 15022

Murojaatchining ta'kidlashicha, mazkur ta'lim muassasasida tahsil olayotgan o‘quvchilar achinarli holatdagi sinf xonalarida dars o‘tishayotgani, xonaning pol qismi ta'mirtalabligidan changib ketishini bildirishgan. Murojaatda direktor kamchiliklarni bila turib, buni jamoatchilikdan yashirib kelgani, tuman xalq ta'limi mudiri ham holatdan boxabar bo‘lgani qayd etib o‘tilgan.

Kun.uz muxbiri ta'lim muassasasidagi asl holatni ko‘rish va muammoni o‘rganish uchun 2-IDUMda bo‘ldi.

Ta'lim dargohi hovlisida bizni 2-IDUM direktori Otabek Kamolov qarshi oldi. U bilan birga murojaatda tasvirlangan xonalarga kirdik.

Ajablanarlisi, ayni vaqtda suratda aks ettirilgan holatdan asar ham yo‘q. Kechagina o‘quvchilar dars o‘tayotgan xona bo‘m-bo‘sh edi. Katta ehtimol bilan ijtimoiy tarmoqlarda ta'lim dargohining surati tarqalganidan keyin rahbariyat xonani tezkorlik bilan tozalab, o‘quvchilarni boshqa bir xonaga ko‘chirib qo‘ygan. Xonada esa ta'mirlash ishlari boshlangan. Surishtiruvlar davomida xuddi shunday bo‘lib chiqdi ham...

«Ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetgach, o‘quvchilar yana eski joyiga ko‘chiriladi»

Otabek Kamolov, 2-IDUM direktori

«Buvayda tumani hokimining 2019 yil 26 iyul kungi 6128-qaroriga asosan eski binomizdan bu yerga ko‘chib kelganmiz. Avval Agrosanoat kolleji binosi bo‘lgan bu bino. Kollej faoliyati 2020 yil avgust oyidan to‘xtatildi. Shu kungacha Agrosanoat kolleji balansida turgan binolarga biz egalik qila olmaganmiz. Kadastr bo‘limi tomonidan bino maktab balansiga o‘tkazildi. Yaqin kungacha binoda tuman xalq ta'limi bo‘limi xodimlari faoliyat yuritar edi.

Avvalgi binomiz «Yangiqo‘rg‘on» MFYga qarashli Do‘stlik ko‘chasida joylashgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatning ma'lum bir qismi haqiqatga yaqin. Xonaning pol qismi abgor holatda edi, tuman XTB ekspluatatsiya bo‘limi yanvar oyida xonani bizga bo‘shatib bergandi. O‘quvchilar ko‘pligi sabab sinf xonasining pol qismi shu holatda bo‘lganini tan olamiz. Bugunning o‘zida kamchiliklar bartaraf qilinyapti. Hozirdanoq binoni ta'mirlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Binoni ta'mirlash ishlari yoz fasliga qilinishi belgilangan. 100 mln so‘m XTB tomonidan ta'mirlash ishlariga mablag‘ ajratilgan. Uzog‘i bir hafta ichida xonalarning pol qismi to‘liq ta'mirlanadi.

Abgor holatda dars o‘tayotganlar 6-«d» sinfi o‘quvchilari bo‘lib, hozir ular 3-qavatda bo‘sh turgan xonada tahsil olishyapti. Ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetgach, o‘quvchilar yana eski joyiga ko‘chiriladi».

Direktor bilan suhbatlashib bo‘lgach, suratda tasvirlangan sinf xonasida shu kungacha o‘qib kelgan 6-«d» sinf o‘quvchilari uchrashdik.

«Ota-onalar homiyligida 2-3 marta remont qilganmiz»

Shohjahon Madumarov, 6-«d» sinf o‘quvchisi

«Avvalgi sinfimizga o‘quvchilar sig‘magani uchun 3-chorakda yanvarning 12 sanalaridan 1-qavatdagi xonaga ko‘chgan edik. Sinf xonasining pol qismi yirtilgan, ta'mirtalab edi. Biz ota-onalar homiyligida 2-3 marta remont qilganmiz. Lekin shunga qaramay, linoleum yirtilib ketaverdi. O‘tgan haftada blogerlar kelib rasmga olib ketishibdi. Men u paytda to‘garakda edim. Bugun ertalab 3-qavatda joylashgan sinf xonasiga ko‘chib chiqdik. Ta'miri tugagach, yana o‘z joyimizga qaytib tushamiz».

Mavluda Sharipova, 6-«d» sinf o‘quvchisi

«Blogerlar kelgan kuni biz o‘quvchilar xonani tozalayotgan edik. Ular kelib, xonani tasvirga olib, bu sinfda qachondan buyon o‘qishimizni so‘rashdi. Sinf xonani suratga olgan bloger o‘quvchilar nomidan ham aytilmagan gaplarni yozib yuborishibdi. Sinf xonaning pol qismini ota-onalar homiyligida ta'mirlagan edik. Lekin ko‘p o‘tmay linoleum yirtilib ketdi. Hozir o‘qiyotgan xonamizga bugun ertalab ko‘chirishdi».

«Xonani ta'mirlab berishlarini so‘rab bir necha marta rahbarlarga aytgan edim»

6-«d» sinf rahbari Saboxon Mehmonova

«Maktabimizda 2ta korpus bor. Asli o‘quvchilar boshqa bir korpusda o‘qishadi. Bu xonada avval MTB bo‘linmalaridan biri faoliyat yuritishardi. Tuman XTB yangi binoga ko‘chib o‘tgandan keyin sinfimiz bilan shu xonaga ko‘chgan edik. Bloger kelib suratga olib ketgan kuni, o‘tgan payshanbada darsim yo‘qligi uchun maktabga tushdan keyin kelgan edim. O‘quvchilarim sinf xona holatini suratga olib ketishganini aytishdi. Shundan keyin direktorimizga xonamizni suratga olib ketishgani haqida aytdim. U bundan xabarim borligini aytdi.

Xonaning holati yaxshi emasdi. Bu haqda bir necha marta rahbarlarga ham aytgan edim. Mana shu yil yozda remontdan chiqadi, deyishgan edi».

XTB mudiri Adham Umarov holat bo‘yicha nima deydi?

XTB mudiri Adham Umarov

«Avvallari XTB binosi bo‘lmagani sabab binoning 1-qavatida vaqtincha ishlab turganmiz. 10 aprel kuni yangi binoga ko‘chib chiqdik. Ijtimoiy tarmoqlarda surati tarqagan sinf xonasida ekspluatatsiya bo‘limimiz xodimlari o‘tirar edi.

Aslida bo‘lim yangi binoga ko‘chib o‘tgandan keyin sinf xonasini ta'mirlab undan keyin o‘quvchilar xonaga kirishi kerak edi. Lekin bizning ruxsatimizsiz sinf xonasiga partalar olib kirilgan.

2021 yilda bino ta'mirlanishi nazarda tutilgan».

Mudir bilan suhbatdan so‘ng Buvayda tuman XTBning bir necha kun avval qurib foydalanishga topshirilgan yangi binosiga kirdik. Bino 2-IDUMning shundoq yonida joylashgan ekan. Soha mutaxassislari zamonaviy va shinam bino xonalarida faoliyat yuritishi, albatta, quvonarli holat. Ikki bino yonma-yon joylashgan. 2-IDUM sinf xonalari abgor holatda, tuman XTB xodimlarining mukammal ta'mirdan chiqqan binoda o‘tirishi bizga erish tuyuldi. Shu adolatdanmi?

O‘quvchilarning chang yutib, ta'mirtalab xonada tahsil olayotgani bir binoda bo‘la turib, nahotki, tuman XTB mudiri e'tiboridan chetda qoldi.

Sinf xonalarining holati aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqqa chiqarilmaganida o‘quvchilar shu xonada yana qancha tahsil olishar edi? Bu tomoni bizga qorong‘i. Eng achinarlisi — asl holati haqida jamoatchilik xabar topgachgina o‘quvchilar boshqa sinfga ko‘chirilib, xonada ta'mirlash ishlari boshlanyapti.

Biz qachongacha o‘zimizni aldaymiz? Nega sinf rahbarining xonalarni ta'mirlash berishlarini so‘rab aytgan iltimoslari rahbariyat tomonidan inobatga olinmadi? Bugungi kun yoshlari shunday xonalarda tahsil olishga loyiqmi? Savollar bisyor...

Sarvar Ziyayev, Fayzullo Sultonov
Kun.uz muxbirlari

Ko‘proq yangiliklar: